O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi xayriya tadbirlarida qatnashdi
Iyun 01, 2026. 18:55 • 2 daq
• 2
SEUL, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. Muqaddas Qurbon hayitini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Mirzo G‘olib” jome masjidi imom-xatibi Isaxon Begmatov, Samarqand viloyati Urgut tumani bosh imom-xatibi, “Mulla Shodi bobo” jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ani Hasanov hamda Toshkent shahridagi “Jobir ibn Abdulloh” jome masjidi imom-xatibi Mirza Alixonovdan iborat delegatsiya Koreya musulmonlari federatsiyasi raisi Husayn Kim Don Yok bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar Janubiy Koreyadagi musulmon jamoasining bugungi holati, dinlararo muloqotni rivojlantirish masalalari hamda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Diniy-maʼrifiy ishlar, dinlararo o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy o‘ziga xoslikni saqlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish va muntazam aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Tashrif doirasida Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun maʼrifiy suhbat uyushtirildi. Tadbir davomida maʼnaviy-axloqiy tarbiya, o‘zbek diasporasi hamjihatligini mustahkamlash, anʼanaviy oilaviy qadriyatlar hamda o‘zaro hurmat madaniyatini asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya jamoaviy namoz o‘qidi, ishtirokchilarga tinchlik-farovonlik, iymonni mustahkamlash, xorijda yashash sharoitida milliy va diniy anʼanalarni saqlashga oid pand-nasihatlar berib, ezgu tilaklar bildirdi.
Tashkil etilgan “Ehson” xayriya tadbirida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Aksiyaning asosiy maqsadi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga moddiy va maʼnaviy ko‘mak berish, o‘zaro yordam va birdamlik anʼanalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Xayriya dasturxoniga 100 nafardan ortiq yurtdosh taklif etildi, 50 ta ehtiyojmand oilaga bayram sovg‘alari ulashildi.
Isaxon Begmatov Qurbon hayitining maʼnaviy ahamiyati, xayriya, birdamlik va o‘zaro ko‘makning, shuningdek, Vatandan yiroqda milliy va diniy anʼanalarni asrashning muhimligi haqida so‘z yuritdi.
Shu kabi maʼrifiy tadbirlar O‘zbekiston fuqarolari ko‘plab istiqomat qiladigan Kyonsan, Kimxe, Chunchon, Kvanju, Mokpo, Kunsan va Tejon shaharlarida ham o‘tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




