O‘zbekiston–Polsha o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi

Iyun 01, 2026. 17:55 • 2 daq

11
O‘zbekiston–Polsha o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston–Polsha o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston–Polsha o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston–Polsha o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi

VARSHAVA, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari “Polsha–Osiyo” savdo palatasi hamda Milliy iqtisodiyot banki (BGK) tomonidan tashkil etilgan biznes forumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Yangi iqtisodiy diplomatiya – Markaziy Osiyoga xorijiy ekspansiyada biznesni qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi ushbu tadbirda “PolshaOsiyo” savdo palatasi prezidenti, Polsha Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Yanush Pexochinskiy, BGK banki vakillari, diplomatik korpus xodimlari, shuningdek logistika, sanoat, qurilish, oziq-ovqat, to‘qimachilik va IT sohalarida faoliyat yuritayotgan 100 nafarga yaqin polshalik tadbirkor hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Forumda so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid Aʼzamxo‘jayev Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, “yashil” energetika, transport-logistika va axborot texnologiyalari sohalaridagi istiqbolli loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. Polsha kompaniyalari O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar, sanoat klasterlari va xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni cheklab turgan ayrim muammolar haqida ham so‘z yuritildi. Jumladan, o‘zbekistonlik tadbirkorlar va yuk tashuvchilar uchun Polshaga viza olishdagi qiyinchiliklar, 2023-yil fevraldan buyon Polsha–Belarus chegarasining uchinchi davlatlar, jumladan O‘zbekiston avtotashuvchilari uchun yopiqligi savdo va logistika aloqalariga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani taʼkidlandi. Ushbu masalalarni hal etish ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim omil ekani qayd etildi.

Forum doirasida O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarini aks ettiruvchi taqdimot va videoroliklar namoyish etildi. Polsha biznes doiralari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan kafolatlar va istiqbolli loyihalarga katta qiziqish bildirdi. Ular Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish ortib borayotganini taʼkidladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar 2026-yil 16–18-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish