TDT: Umumiy taraqqiyot va hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlari sari

Oktabr 29, 2026. 08:10 • 7 daq

• 142
TDT: Umumiy taraqqiyot va hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlari sari

ANQARA, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. 29–30-oktabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkiyada bo‘lib, Anqara shahrida o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti tadbirlarida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bugungi global iqtisodiy-siyosiy sharoitda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda umumiy tarixiy merosni asrab-avaylash xalqaro munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bu borada Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) turkiy xalqlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro strategik sheriklikni kengaytirish va umumiy taraqqiyot maqsadlariga erishishga xizmat qiluvchi muhim mintaqaviy tuzilma hisoblanadi.

O‘zbekistonning TDT doirasidagi faol ishtiroki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar va ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar tashkilotning amaliy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, transport-logistika, raqamlashtirish, energetika, ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha bildirilayotgan takliflar turkiy davlatlar hamkorligining yangi bosqichini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2026-yil 29–30-oktabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkaziladigan TDTning 13-sammiti mazkur hamkorlikni yanada kengaytirish, ustuvor vazifalarni belgilash va amaliy tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqishda katta rol o‘ynaydi.

“Turk asri: tilda, fikrda va ishda birlik” mavzusida o‘tkaziladigan Anqara sammiti turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim ko‘p tomonlama tadbirdir.

Mazkur shior turkiy xalqlarning til va madaniyat mushtarakligi, o‘zaro hamjihatligi hamda umumiy maqsadlar yo‘lida birgalikda harakat qilishga intilishini ifoda etadi. Bu g‘oyalar Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy va Abdurauf Fitrat kabi o‘zbek jadid ma’rifatparvarlarining milliy uyg‘onish, ilm-ma’rifat, til va madaniyatni rivojlantirish, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida birlashish haqidagi qarashlari bilan hamohangdir.

Shu ma’noda, Anqara sammiti turkiy xalqlarni bog‘lab turuvchi mushtarak tarixiy-madaniy merosga tayangan holda davlatlar o‘rtasidagi birdamlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni oshirish va ko‘p tomonlama hamkorlikni aniq amaliy natijalar bilan boyitish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Sammitda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlari rahbarlari, kuzatuvchi davlatlar vakillari hamda TDTning tegishli tuzilmalari rahbarlari ishtirok etadi.

Sammit kun tartibining asosiy mazmuni turkiy davlatlar hamkorligining bugungi holatini baholash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va istiqboldagi vazifalarni belgilashdan iborat bo‘ladi.

Bunda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyaviy hamkorlik, transport yo‘laklarining samaradorligi, raqamli texnologiyalar, energetika xavfsizligi va madaniy yaqinlik masalalari muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.

Turkiyadagi yig‘ilishda yakuniy deklaratsiyani qabul qilish, TDT Bosh kotibi va uning o‘rinbosarlarini tayinlash to‘g‘risidagi qarorlarni imzolash nazarda tutilgan. 

Tashkilot tarixida ilk bor Bosh kotib lavozimiga O‘zbekiston vakilining tayinlanishi mamlakatimizning TDT doirasidagi o‘rni va nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2027-yilni TDT doirasida “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tashabbus sammit deklaratsiyasida o‘z aksini topishi kutilmoqda.

Anqara sammitining yana bir muhim jihati – turkiy davlatlarning o‘zaro birdamligini amaliy loyihalar orqali mustahkamlashdir. Zero, tashkilotning samaradorligi savdo hajmining o‘sishi, investitsiya loyihalarning amalga oshirilishi, transport jarayonlarining soddalashtirilishi va aholi o‘rtasidagi aloqalarning kengayishi bilan belgilanadi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, turkiy tilli davlatlar rahbarlarining birinchi sammiti 1992 yil Anqara shahrida o‘tkazilgan. Ushbu uchrashuv turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Keyingi sammitlar 1994-yil Istanbulda, 1995-yil Bishkekda, 1996-yil Toshkentda, 1998-yil Ostonada, 2000-yil Bokuda, 2001-yil Istanbulda, 2006-yil Antaliyada va 2009-yil Naxichevanda tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yildagi Turkiy tilli davlatlar sammitida ishtirok etganidan so‘ng, 2019-yilda O‘zbekiston tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirdi. 2021-yil Istanbulda o‘tkazilgan sammitda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini Turkiy davlatlar tashkiloti deb qayta nomlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu o‘zgarish tashkilotning xalqaro maqomi va hamkorlik qamrovini ifodalovchi muhim bosqich bo‘ldi.

Bugungi kunda TDTning asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash hamda savdo, investitsiya, transport, energetika, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalarni kengaytirishdan iborat.

Hozirda TDTga a’zo davlatlarning umumiy maydoni 4,25 million kvadrat kilometrdan oshadi, aholisi 170 million kishidan ziyod. 2025-yilda ushbu mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 2,3 trillion AQSh dollarini, tashqi savdo aylanmasi esa 1,2 trillion dollardan ortiqni tashkil etdi.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni tarixiy va madaniy yaqinlik bilan cheklab qo‘ymasdan, uni iqtisodiy taraqqiyot, investitsiya, transport, innovatsiya va mintaqaviy barqarorlikka xizmat qiluvchi amaliy mexanizmlar bilan boyitishga intilib kelmoqda.

O‘zbekistonning TDTga a’zo mamlakatlar hamda Turkmaniston va Vengriya bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017-yildagi 4,13 milliard dollardan 2025-yilda 10,82 milliard dollarga yetdi. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida esa ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,8 foizga o‘sdi.

Shu bilan birga, sherik mamlakatlarning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ishtiroki kengayib bormoqda. 2026-yil avgust holatiga ko‘ra, yurtimizda ushbu davlatlar kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 4871 tani tashkil etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar tashkilot faoliyatini aniq maqsad va natijalarga yo‘naltirish, mavjud imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish hamda a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2019-yildan buyon yuzdan ortiq tashabbus ilgari surilgan. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” qabul qilingan.

O‘zbekiston tashabbuslarining muhim yo‘nalishlaridan biri turkiy xalqlarning umumiy tarixiy xotirasi, madaniy merosi va ma’naviy qadriyatlarini asrab-avaylashdan iborat. Bu borada “Turkiy dunyo xartiyasi”ning qabul qilinishi, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning ta’sis etilishi, turkiy davlatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat yuz jildlik kitoblar turkumining nashr qilinishi muhim natijalar hisoblanadi.

2022-yil O‘zbekiston Samarqand shahrida TDT sammiti mezboni sifatida tashkilotga raislik qildi. Sammit chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti qo‘shilgan qiymat yaratadigan ishlab chiqarish zanjirlarini barpo etish hamda tayyor mahsulotlarni eksport qilish orqali uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish bo‘yicha qator takliflar bildirdi.

Samarqand shahriga doimiy asosda “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” maqomining berilishi O‘zbekistonning umumiy tarixiy va madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qo‘shayotgan hissasini ifodalaydi. Xiva shahrining 2020–2021-yillarda “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” deb e’lon qilinishi ham ushbu yo‘nalishdagi muhim tashabbuslardan biridir.

2024-yilgi Bishkek sammitida Prezidentimiz uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishning siyosiy asosini mustahkamlaydigan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tuzish tashabbusini ilgari surdi.

2025-yilda O‘zbekiston a’zo davlatlar ishbilarmonlik doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator mexanizmlar tashabbuskori bo‘ldi. Jumladan, Budapeshtda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo uchun “TURK-TRADE” platformasini yaratish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlash, yagona investitsiya portalini ishga tushirishni taklif qildi.

Bu takliflar biznes hamkorlarini izlashdan boshlab, investitsiya imkoniyatlarini namoyish etish hamda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishgacha bo‘lgan o‘zaro hamkorlikning izchil bosqichlarini qamrab oladi.

O‘zbekiston va sherik davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama investitsiyaviy munosabatlar ishlab chiqarish quvvati va obyektlarini rivojlantirish uchun muhim asos yaratadi. Masalan, 2025-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriyadan kiritilgan investitsiyalar hajmi qariyb 4,29 milliard dollarni tashkil etdi.

2026-yilda umumiy qiymati 17,24 milliard dollarlik 280 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Bu loyihalar doirasida yanvar–avgust oylarida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 3,84 milliard dollarga yetdi.

Transport sohasida TDT miqyosidagi hamkorlikning muvaffaqiyatli amaliy modeli sifatida elektron ruxsatnomalar tizimi (E-Permit) ishga tushirildi. Bu tizim dastlab O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qo‘shma loyiha sifatida boshlandi. Keyinchalik uning qo‘llanish doirasi kengaydi va hozirda tashkilotning barcha a’zo davlatlari o‘rtasidagi transport qatnovlarini qamrab olmoqda.

Transport tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada rivojlantirish tariflar va yig‘imlarni muvofiqlashtirish, bojxona muomalalarini raqamlashtirish hamda logistika markazlari faoliyatini takomillashtirish bilan chambarchas bog‘liq.

Shu bois O‘zbekiston “O‘rta yo‘lak”ni ayni paytda qurilishi davom etayotgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda kelajakda ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan Transafg‘on transport yo‘lagi loyihasi bilan bog‘lashni taklif qilmoqda.

2026-yil Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy ma’lumotlar markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa tarmoqlari orqali bog‘lashni nazarda tutuvchi “Turkiy raqamli yo‘lak” loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Bu tashabbuslar kelajakdagi iqtisodiy o‘sishning istiqbolli manbalaridan biri – bir necha bozorlarda faoliyat yuritish va kengayish imkoniga ega bo‘lgan texnologiyalar, innovatsiyalar hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Mamlakatimiz tomonidan bildirilayotgan tashabbuslar TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zbek mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning mintaqaviy va xalqaro bozorlardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Anqarada o‘tkaziladigan TDTning 13-sammiti doirasida siyosiy muloqotni davom ettirish bilan bir qatorda, avval ilgari surilgan tashabbuslarning ijrosini jadallashtirish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash nazarda tutilgan.

Eng muhimi, turkiy davlatlar hamkorligining kelgusi natijalari qabul qilinadigan hujjatlar soni bilan emas, balki ularning hayotga tatbiq etilishi, xalqlar farovonligiga qo‘shadigan hissasi va umumiy taraqqiyot uchun yaratadigan imkoniyatlari bilan baholanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish