O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi strategik sheriklikda yangi sahifa ochdi

Iyul 10, 2026. 10:30 • 2 daq

73
O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi strategik sheriklikda yangi sahifa ochdi

BUDAPESHT, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Belarusning Vengriyadagi elchisi Vladimir Ulaxovich “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Minskga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifi, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixi va taraqqiyotidagi muhim voqealardan biridir. Belarusda oliy darajadagi muzokaralar Minsk va Toshkent o‘rtasidagi strategik sheriklikda yangi sahifa ochishini anglagan holda O‘zbekiston yetakchisining tashrifi alohida eʼtibor bilan qarshi olindi.

Tashrifga tayyorgarlik yuqori darajada olib borildi. Bu Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchinning O‘zbekiston Prezidenti bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi muzokaralarning asosiy mavzularidan biriga aylandi.

Davlatlarimiz rahbarlarining Minskdagi uchrashuvi arafasida Bosh vazir o‘rinbosari Yuriy Shuleyko bilan O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan o‘z pozitsiyalarini bayon etdi. Bunday izchil tayyorgarlik aniq natijalarga erishish va keng ko‘lamli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan har ikki tomon birdek manfaatdor ekanini ko‘rsatadi.

Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi va hududlararo aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Belarus joriy yilning o‘zida O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmini bir milliard dollarga yetkazishni, 2030-yilga borib esa, bu ko‘rsatkichni ikki barobarga oshirishni rejalashtirmoqda.

Bugungi kunda Belarus texnikasi, farmatsevtika va go‘sht-sut mahsulotlariga O‘zbekistonda talab yuqori. Traktorlarni birgalikda ishlab chiqarish muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, o‘zbek meva-sabzavotlari va to‘qimachilik mahsulotlari esa Belarus bozorida o‘z o‘rnini egallagan.

Menga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Toshkentga va O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning Minskka tashriflarida ishtirok etish sharafi nasib etgan. Uchrashuvlar qalin do‘stlik va o‘zaro hurmat muhitida o‘tgan, konstruktiv, strategik va kelajakka yo‘naltirilgan muloqot hamda muzokaralar tashkil etilgan.

Aytishim lozimki, Belarusda Prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekistonning atoqli siyosiy yetakchisi va buyuk vatanparvari sifatida chuqur ehtirom bilan munosabatda bo‘lishadi.

Fikrimcha, bu tashrif – ko‘p yillik o‘zaro hurmat, ishonch va birgalikda rivojlanish istagi bilan birlashgan do‘st davlatlar va qardosh xalqlarning, zamonamizning ikki yirik siyosiy rahbarining chinakam tarixiy uchrashuvidir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish