Logo

“The World News”: O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan davlat

Fevral 27, 2026. 09:00 • 3 daq

187
“The World News”: O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan davlat

ISLOMOBOD, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” nashri “Prezident Shavkat Mirziyoyev: Yoshlar mamlakatning asosiy iqtisodiy va siyosiy kuchidir” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat yoshlari bilan o‘tkazgan muloqoti tafsilotlari batafsil yoritilgan.  Maʼlum qilinganidek, uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.

«Davlat rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini taʼkidladi, – deyilgan maqolada. – Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo‘yicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni eʼtiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi».

Pokiston OAV O‘zbekistonda yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida mamlakat yoshlari jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritganini eʼtirof etgan. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba yoshlar 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda o‘qiyotgan yigit-qizlar 3,5 ming nafardan oshdi. O‘zbek yoshlari yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgan. O‘zbekiston yosh sportchilari xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalining sohibi bo‘ldi. Bugun yosh tadbirkorlar O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.

«O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti aʼzolarining 12-global konferensiyasi, «Take Off» xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkazilishi bu maqomni yanada mustahkamlaydi», – deya urg‘ulangan manbada.

O‘zbekiston Prezidenti har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotganini, 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga o‘z imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini ko‘rsatib o‘tdi.

Maqolada nufuzli xorijiy oliygohlar ilg‘or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilgani, kamida 40 ming yoshni biznesga o‘rgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilanani xabar qilingan. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda beriladi.

Qayd etilishicha, xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi samara bergani taʼkidlanib, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangan. Xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshgan.

«Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish» jamg‘armasi orqali eng isteʼdodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lash, eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi. Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘koni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi», – deb taʼkidlangan materialda.

«The World News» nashri, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun «Ikkinchi imkon» loyihasi boshlanishi haqidagi maʼlumotni o‘quvchilar eʼtiboriga taqdim qilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish