Turkiya OAV: O‘zbekistonda Ramazon oyi madaniy meros va zamonaviy anʼanalar uyg‘unligida o‘tadi
Fevral 28, 2026. 12:52 • 1 daq
• 160
ANQARA, 28-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning ommabop “GZT” onlayn nashrida O‘zbekistonda Ramazon oyiga xos bo‘lgan milliy qadriyatlar va o‘zbek dasturxonining betakror taomlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonda Ramazon oyi nafaqat maʼnaviy poklanish, balki o‘ziga xos pazandalik anʼanalari bilan ham ajralib turadi. Xususan, iftorlik va saharlik dasturxonlarini bezaydigan nisholda shirinligi, patir nonlar va mashhur o‘zbek palovi Ramazon taomnomasining ajralmas qismi sifatida taʼriflangan. Muallif buyuk tabib Ibn Sino tomonidan yuqori baholangan o‘zbek palovining yuzdan ortiq turlari mavjudligi va u mehmonnavozlikning oliy ramzi ekaniga eʼtibor qaratgan.
Shuningdek, nashrda o‘zbek non bozorlarining ko‘rki bo‘lgan patir va Samarqand nonlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning Samarqand nonini sog‘inib, Hindistonga samarqandlik nonvoylarni chaqirtirgani haqidagi tarixiy rivoyat keltirilgan. Xususan, undagi “Samarqandning havosi va suvini olib kela olmadik”, degan mashhur javob orqali o‘zbek zaminining o‘ziga xos tabiati va pishiriqlarining takrorlanmas taʼmi ifodalangan.
Yakunda “GZT” portali O‘zbekistonda Ramazon oyi madaniy meros va zamonaviy anʼanalar uyg‘unligida o‘tishini, bu esa mamlakatning gastronomik turizm salohiyatini yanada oshirishini taʼkidlagan. Ushbu maqola qardosh turk xalqida yurtimizga bo‘lgan qiziqishni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
