“World Nuclear News”: O‘zbekiston 2024-yilda qariyb 4 ming tonna uran qazib olib, dunyodagi beshinchi yirik ishlab chiqaruvchiga aylangan
Sentabr 05, 2026. 17:30 • 2 daq
• 73
LONDON, 5-sentabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “World Nuclear News” nashrida Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuvga bag‘ishlangan material eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama strategik sheriklikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha keng qamrovli va mazmunli muzokaralar o‘tkazdi.
Narendra Modi O‘zbekistondan Hindistonga uran yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuvlar doirasida erishilgan yutuqlarni yuqori baholagan hamda o‘ta muhim mineral resurslar sohasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidlagan.
2025-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Materialda qayd etilishicha, mamlakatlar geologiya, tog‘-kon sanoati, atom energetikasi, sanoat kooperatsiyasi hamda o‘ta muhim va strategik turdagi mineral xomashyolar bilan ishlash sohalarida hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Hindiston o‘z kompaniyalarining O‘zbekistondagi istiqbolli konlarni o‘zlashtirishda ishtirok etishidan, O‘zbekiston korxonalari esa Hindistondagi qo‘shma loyihalarda qatnashishidan manfaatdor. Tomonlar atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatida.
Nashrda keltirilishicha, Hindiston atom energetikasining o‘rnatilgan quvvati 24 ta faoliyat ko‘rsatayotgan energiya bloki hisobiga qariyb 7900 MVtni tashkil etadi. Mamlakat 2047-yilga kelib, bu ko‘rsatkichni 100 GVtgacha oshirishni rejalashtirmoqda, bu esa barqaror uran yetkazib berishni talab qiladi.
Hindiston Qozog‘iston, Rossiya, O‘zbekiston va Kanadadan uran import qiladi. O‘zbekiston bilan amaldagi uzoq muddatli shartnoma 2026-yilgacha mo‘ljallangan. Shu bilan birga, Dehli Avstraliya va Kanadaning “Cameco” kompaniyasi bilan shartnomalar tuzish orqali yetkazib berish manbalarini kengaytirmoqda.
Butunjahon yadro assotsiatsiyasi maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024-yilda qariyb 4 ming tonna uran qazib olib, Qozog‘iston, Kanada, Namibiya va Avstraliyadan keyin dunyodagi beshinchi yirik ishlab chiqaruvchiga aylangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi