Logo

O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi bilan muzokara o‘tkazdi

Aprel 27, 2026. 20:34 • 3 daq

193
O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi bilan muzokara o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi bilan muzokara o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi bilan muzokara o‘tkazdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi bilan muzokara o‘tkazdi

MADRID, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Ispaniyada O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu jamg‘arma Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va arab dunyosi o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, fan, ta’lim va gumanitar hamkorlik orqali sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro institut hisoblanadi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidan O‘zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU) koordinatorlari Yekaterina Soboleva va Savlat Rashidov o‘rin oldi.

Ispaniya tomonidan Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi ijrochi kotibi Antonio Sanches Ortega, Andalusiya kutubxonalari madaniy dasturlari koordinatori Suxayl Serjini, jamg‘arma vakillari Koncha de Santa Ana Fernandes, Xaver Ruperez Kanales va Hassan Laagir ishtirok etdi.

Jamg‘arma gumanitar bilimlarni tarqatish, tadqiqot platformalarini rivojlantirish, konstruktiv muloqot va fikr almashish uchun maydonlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy, ta’limiy va madaniy tashabbuslarni amalga oshiradi. Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ta’lim dasturlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Xususan, Yevropa-Arab oliy ta’lim jamg‘armasi magistrlik va postdiplom dasturlari orqali mutaxassislar tayyorlaydi. Shu bilan birga, yoshlar va talabalar uchun madaniyatlararo kompetensiyani rivojlantirish va barqaror gumanistik qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan xalqaro kongresslar, seminarlar va amaliy vorkshoplarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli ta’limiy loyihalarni amalga oshiradi.

O‘zbekiston tomoni yoshlar bilan ishlash va buzg‘unchi mafkuralar tarqalishining oldini olish kontekstida ushbu tajribaning qimmatli ekanini alohida ta’kidladi.

“O‘zbekiston Prezidenti yoshlar tarbiyasi, barqaror dunyoqarashni shakllantirish va radikallashuvning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Bugungi global chaqiriqlar sharoitida aynan ta’lim, ma’rifat va madaniy muloqot yosh avlodni buzg‘unchi ta’sirlardan himoya qilishning asosiy vositalariga aylanmoqda. Shu munosabat bilan biz Yevropa-Arab jamg‘armasi tomonidan to‘plangan eng ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va joriy etishdan manfaatdormiz hamda yosh mutaxassislarni tayyorlash va ta’lim dasturlarini amalga oshirish borasida mazmunli tajriba almashishga tayyormiz. Islom sivilizatsiyasi markazi bazasida Jamg‘arma vakolatxonasini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, deya fikr bildirdi Xayriddin Sultonov.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni Yangi O‘zbekistonda fan, ta’lim va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Jamg‘arma faoliyati yo‘nalishlari, jumladan, ta’lim dasturlari, inson huquqlari, madaniy xilma-xillik va radikallashuvning oldini olish sohasidagi tadqiqotlar markaz oldiga qo‘yilgan vazifalar bilan ko‘p jihatdan mos ekani ta’kidlandi.

“2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti BMT minbaridan so‘zlagan nutqida islom dini ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik dini ekanini ta’kidlagan edi. Bugungi kunda ushbu g‘oya markazimiz faoliyatida izchil amalga oshirilmoqda, missiyalarimizning mushtarakligi esa o‘zaro hamkorlik uchun keng istiqbollar ochadi”, dedi Firdavs Abduxoliqov.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Andalusiyaning kutubxona va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, sharq qo‘lyozmalari va Ruy Gonsales de Klavixo sayohati bilan bog‘liq tarixiy manbalarni o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishlarni olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.

“O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish biz uchun katta sharaf. Biz tadqiqot faoliyatini yanada chuqurlashtirish va umumiy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish uchun, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi bilan birgalikda ishlashga tayyormiz”, dedi Suxayl Serjini.

Tomonlar sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash, ilmiy va ta’limiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish