Logo

Hiroki Kasahara: Yillik yig‘ilishning Samarqandda o‘tkazilishi OTBning barcha ishtirokchilari va hamkorlariga O‘zbekistondagi mavjud vaziyatni yaxshiroq anglash imkonini beradi

May 04, 2026. 14:25 • 2 daq

169
Hiroki Kasahara: Yillik yig‘ilishning Samarqandda o‘tkazilishi OTBning barcha ishtirokchilari va hamkorlariga O‘zbekistondagi mavjud vaziyatni yaxshiroq anglash imkonini beradi

SAMARQAND, 4-may. /“Dunyo” AA/. Osiyo taraqqiyot bankining Iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish departamenti yetakchi mutaxassisi Hiroki Kasahara “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi ahamiyati haqida so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankining yillik yig‘ilishiga ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda va bu nafaqat mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. O‘tgan safar tadbir poytaxt Toshkentda o‘tkazilgan bo‘lsa, bu safar Samarqand diqqat markazida.

Anjumanning Samarqandda o‘tkazilishi ishtirokchilarga nafaqat mamlakatning moliyaviy va maʼmuriy markazi, balki uning madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda hududiy rivojlanish salohiyati bilan ham yaqindan tanishish imkonini beradi. Samarqand O‘zbekistonning tarixiy merosini ham, uning zamonaviy taraqqiyotini ham yaqqol namoyon etib, mamlakat istiqbollari haqida yana-da yaxlit tasavvur shakllanishiga xizmat qiladi.

OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik qariyb 35 yillik tarixga ega. Bu davrda infratuzilmani rivojlantirishga, xususan, yo‘l qurilishi, energetika, elektr tarmoqlari, suv xo‘jaligi va boshqa muhim yo‘nalishlarga katta eʼtibor qaratildi. Biroq, nafaqat infratuzilmani yaratish, balki uning barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash ham muhim jihatdir. Tegishli boshqaruv va xizmat ko‘rsatish bo‘lmasa, bunday loyihalar o‘z qiymatini yo‘qotishi mumkin. Shu bois, OTB ushbu obyektlarning samarali boshqaruvi va saqlanishini taʼminlash maqsadida investitsiyalar bilan bir qatorda mutaxassislar malakasini oshirish hamda davlat va mahalliy institutlarni mustahkamlash dasturlarini ham amalga oshirmoqda.

Yillik yig‘ilishning o‘tkazilishi OTBning barcha ishtirokchilari va hamkorlari uchun O‘zbekistondagi bugungi vaziyatni yaxshiroq anglashga xizmat qiladigan muhim maydondir. Bu hamkorlikning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish va kelgusi loyihalarni birgalikda rejalashtirish uchun zamin yaratadi. Natijada OTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kelajakda qanday rivojlanishi kerakligi haqida yana-da aniqroq tasavvur shakllanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish