Yosh o‘zbek musiqachilari yetakchi turk OAV eʼtirofiga sazovor bo‘ldi
Aprel 01, 2026. 10:12 • 2 daq
• 100
ANQARA, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiyada bo‘lib o‘tgan Navro‘z bayramida qatnashgan R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchilaridan iborat “Music-Bolalar” guruhining ijod namunalari yetakchi turk OAV eʼtiborini tortdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.
O‘zbekistonlik yoshlar ijodi “CNN-Türk”, “Habertürk” va “Anadolu Ajansı” kabi nufuzli turk ommaviy axborot vositalari tomonidan yuqori baholandi. Gaziantep shahrida tashkil etilgan bayram dasturida “Music-Bolalar” guruhi tadbirga o‘zgacha fayz va badiiy ruh bag‘ishladi.
Safar davomida yosh musiqachilar Turkiya Prezidentining Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti)ning Turkiy davlatlar bilan hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari, professor Kurshad Zorlu bilan uchrashdi.
Professor o‘zbek yoshlarining mahoratini yuqori baholab, “Bu yoshlar ijodini ko‘rganda, sanʼat va musiqa ular uchun qanchalik muhimligini yana bir bor tushundim. Navro‘z bayrami ularni mamlakatimizga taklif qilish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Biz turkiy dunyo yoshlarini har bir sohada qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, deya taʼkidlagan.
Kurshad Zorlu o‘zbek yoshlarining Istanbulga bag‘ishlab tayyorlayotgan yangi videoklipini intiqlik bilan kutayotgani, turkiy xalqlar birligi yo‘lida bunday madaniy loyihalar strategik ahamiyatga ega ekanini alohida eʼtirof etdi.
O‘zbekistonlik yosh musiqachilarning bu tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga hamda o‘zbek milliy musiqa sanʼatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi