Misr matbuoti: O‘zbekiston–Tojikiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichi boshlanmoqda
Mart 26, 2026. 12:06 • 2 daq
• 140
QOHIRA, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Misrning “Al-Diplomasi” va “Misr al-An” nashrlarida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materiallarda ta’kidlanishicha, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2017–2025 yillar davomida O‘zbekiston–Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,8 barobarga oshib, 238 million dollardan 912 million dollarga yetgan.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini 30–40 foizga oshirish imkoniyati mavjud. Bu, avvalo, ikki mamlakat sanoati o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish bilan bog‘liq. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy o‘sishni namoyon etmoqda, biroq mavjud salohiyat hali to‘liq ishga solinmagan.
Nashrlarda qayd etilishicha, Tojikiston O‘zbekistonning muhim mintaqaviy savdo sheriklaridan biri bo‘lib, o‘zbek mahsulotlarini import qiluvchi davlatlar orasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Ikki mamlakatning geografik yaqinligi, umumiy chegara va rivojlangan transport aloqalari savdo munosabatlarini yanada kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratmoqda. Bu borada avtomobilsozlik, maishiy texnika, to‘qimachilik va kimyo sanoati mahsulotlari eksportini oshirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi umumiy chegara oddiy geografik chiziq emas, balki logistika imkoniyatlariga boy iqtisodiy koridor sifatida namoyon bo‘ladi. Samarali transport aloqalari va hududiy yaqinlik tranzaksiya xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Bu esa transchegaraviy sanoat integratsiyasini nafaqat amaliy, balki strategik jihatdan ham zarur jarayonga aylantiradi.
Biroq, yaqinlikning o‘zi mahsuldorlikni kafolatlamaydi. Asosiy burilish nuqtasi – an’anaviy savdo almashinuvidan sanoat yo‘nalishiga o‘tishdir. Bunday modelda mamlakatlar faqat tovar ayirboshlamasdan, balki birgalikda mahsulot ishlab chiqarib, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi