Yaponiyaning mashhur teleloyihasi O‘zbekiston haqida dastur tayyorlamoqda
May 18, 2026. 16:55 • 3 daq
• 77TOKIO, 18-may. /“Dunyo” AA/. Yaponiya milliy teleradiokompaniyasi – NHKning “Jahon bo‘ylab poyezdda sayohat” dasturi ijodiy guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurib, ko‘rsatuv lavhalarini suratga oldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu ijodiy safar mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etildi.
“Jahon bo‘ylab poyezdda sayohat” dasturi (The Global Train Journey) Yevroosiyo qitʼasi bo‘ylab temir yo‘l sayohatiga bag‘ishlangan yirik hujjatli teleloyiha bo‘lib, unda tabiat, xalqlar, tarix, madaniyat va gastronomiya temir yo‘l sayohati formatida yoritiladi.
Loyihada yapon aktyori va sayohatchi Takuya Nakayama turli mamlakatlar bo‘ylab poyezdda sayohat qilib, mahalliy aholi bilan muloqot qiladi hamda ularning hayot tarzi, qadriyatlari va anʼanalarini o‘rganadi. Dasturning har bir soni o‘rtacha 1 millionga yaqin tomoshabin tomonidan kuzatib boriladi.
Teleloyiha 2025-yildan namoyish etila boshlangan bo‘lib, hozirga qadar Singapurdan Xitoyning g‘arbiy qismigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab suratga olingan 28 ta qism efirga uzatilgan. Har bir qism o‘rtacha 30 daqiqadan iborat bo‘lib, ko‘rsatuv Yaponiya tomoshabinlari orasida katta qiziqish uyg‘otgan.
2026-yilgi yangi mavsum Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiya yo‘nalishlariga bag‘ishlanadi. Markaziy Osiyo sikli doirasida Qozog‘iston–O‘zbekiston–Qozog‘iston temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha 5 ta maxsus qism tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Nukus shaharlarida tasvirga olish ishlarini amalga oshirmoqda. Dastur doirasida mamlakatimiz temir yo‘l infratuzilmasi, “Afrosiyob” yuqori tezlikdagi poyezdi, “Sharq” poyezdi, Toshkent metropoliteni, tarixiy obidalar, milliy bozorlar, shahar manzaralari hamda mahalliy aholining kundalik hayoti keng yoritilmoqda.
Loyiha doirasida Toshkent metropoliteni va temir yo‘l tizimi tarixi, Samarqandning “Ko‘k shahar” sifatidagi meʼmoriy qiyofasi, Buxoroning qadimiy mahalla muhiti va hunarmandchiligi, shuningdek, Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos tabiati va madaniy hayotiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Teleloyiha yuqori sifatli 4K formatda suratga olinmoqda bo‘lib, poyezdlar harakati, shahar manzaralari va tabiatni keng ko‘lamda aks ettirish uchun dron tasvirlaridan ham faol foydalanilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi – Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab temir yo‘l sayohati orqali O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi, meʼmorchiligi, milliy anʼanalari va zamonaviy hayoti haqida hujjatli teledastur tayyorlashdan iborat.
Ushbu teleloyiha Yaponiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, mamlakatning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlash hamda yapon sayyohlari oqimini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“World News Pakistan”: O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan

“Pakistan In the World”: O‘zbekiston TDTga aʼzo bo‘lgandan buyon 100dan ortiq muhim tashabbusni ilgari surdi






