O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitidagi nutqi
May 18, 2026. 17:02 • 5 daq
• 10
(2026-yil 18-may, Boku sh.)
Hurmatli Ilhom Haydarovich!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Barchangizni Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasida, global taraqqiyotning eng dolzarb masalalari muhokama qilinayotgan nufuzli muloqot maydonida ko‘rib turganimdan behad mamnunman.
Bugungi anjuman “Kaspiy durdonasi” bo‘lmish go‘zal Bokuda yuqori darajada tashkil etilgani va bizga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Haydarovich Aliyevga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Butun Ozarbayjon diyorida, ayniqsa, Qorabog‘ zaminida ulkan bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Ozod qilingan hududlarda qisqa muddatlarda butun boshli shaharlar qayta tiklanib, yangi turar joy majmualari, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilyapti.
Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga munosib hissa qo‘shishga O‘zbekiston doim tayyor ekanini taʼkidlamoqchiman.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Kun tartibiga qo‘yilgan “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tahlillarga ko‘ra, XXI asr o‘rtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi.
Ayni paytda urbanizatsiya jarayoni o‘zi bilan birga qator ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirib bormoqda.
Bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum. Ularning bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joylar va xarobalarda kun kechirmoqda, 300 milliondan ortiq odam esa umuman boshpanaga ega emas. Iqlim o‘zgarishlari, tahlikali xalqaro vaziyat va iqtisodiy inqirozlar global migratsiyaning yangi to‘lqinlarini paydo qilib, davlatlar va shaharlar o‘rtasida aholining qayta taqsimlanishiga olib kelmoqda. Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir ko‘rsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda.
Bularning barchasi hammamizdan qatʼiy va kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishni talab qilmoqda.
Aziz do‘stlar!
Shaharlarni barqaror rivojlantirish masalasi Yangi O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega. Yaqin 15 yil ichida mamlakatimiz aholisi 38 milliondan 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetishi kutilmoqda. Biz buni hududlarimizni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni taʼminlash uchun noyob imkoniyat deb hisoblaymiz.
Shu maqsadda O‘zbekistonda oxirgi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetdi, 2030-yilda ushbu raqamni yana 1,5 barobar oshiramiz; aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlariga har yili byudjetdan qariyb 2 milliard dollar mablag‘ ajratilmoqda; norasmiy turar joylar muammosini hal qilish uchun 2024-yilda alohida qonun qabul qilinib, 100 mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi; eskirgan uy-joylarni yangilash maqsadida renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish reja qilib olindi.
Ushbu jarayonlarni samarali boshqarish maqsadida Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, “Yashil makon”, “Toza havo” dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish marrasini olganmiz.
Shaharlarni obodonlashtirish va aholi turmush tarzini yaxshilashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi bo‘yicha anʼanaviy tuzilma – mahalla institutiga keng tayanamiz.
Xonimlar va janoblar!
Ikki million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” megaloyihasi biz amalga oshirayotgan urbanizatsiya strategiyasining yaqqol namunasidir. Ushbu loyihada zamonaviy shaharsozlikning eng ilg‘or yechimlari – “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz”, “15 daqiqali” shahar tamoyillari to‘liq hisobga olingan.
Birinchi bosqichning o‘zida bu yerda qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarini boshladik.
Loyiha konsepsiyasi taqdimoti forum doirasida tashkil etilgan “Urban Expo” ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat poytaxtda, balki “Yangi O‘zbekiston” massivlari nomi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta ana shunday massiv bunyod etildi, 2030-yilga borib esa ularning soni 100 taga yetadi.
Shu o‘rinda urbanizatsiya va shaharsozlik sohasidagi ishlarimizda bizga yaqin ko‘makdosh bo‘lib kelayotgan BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax xonimga hamda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa yetakchi moliya institutlariga o‘z tashakkurimni izhor etaman.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Bugun muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoitlarini yaratish kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirishni talab qilmoqda.
Shu sababli hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqiraman.
Ikkinchidan, shahar boshqaruvida sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan barcha davlatlar teng foydalana olishi zarur.
Ushbu sohada texnologiya, standartlar va tajribalarni tizimli almashishga qaratilgan xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qilaman.
Uchinchidan, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan taʼminlash juda muhim.
Shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum o‘tkazishga tayyormiz.
To‘rtinchidan, global iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda “yashil shaharlar”ni barpo etishning umumiy tamoyillari va standartlarini qabul qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shaharlarning tabiat bilan uyg‘un rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini taʼsis etishni taklif qilaman.
Beshinchidan, urbanizatsiya darajasining o‘sishi shaharlardagi o‘zini o‘zi boshqarishning anʼanaviy tuzilmalari rolini yana-da oshirmoqda.
Shu munosabat bilan Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlashni taklif etaman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi tadbir o‘zaro manfaatli va istiqbolli masalalar yuzasidan birgalikda yechimlar topishga, yangi tashabbuslarga yo‘l ochish va soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonaman.
So‘zimning yakunida forum ishiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




