100 nafar o‘zbekistonlik “Prezident hojilari” Haj amallarini yakunlab, Vatanga qaytdi

Iyun 02, 2026. 14:55 • 2 daq

73
100 nafar o‘zbekistonlik “Prezident hojilari” Haj amallarini yakunlab, Vatanga qaytdi

JIDDA, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Haj ziyoratiga yuborilgan 100 nafar o‘zbekistonlik “Prezident hojilari” Hajning barcha amallarini muvaffaqiyatli ado etib, Jidda shahri Podshoh Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportdan Toshkent shahriga qaytdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ziyoratchilar Saudiya Arabistonida bo‘lgan vaqt davomida muqaddas Madina va Makka shaharlarini ziyorat qildi, Arafot, Muzdalifa va Mino vodiylaridagi ibodatlarni hamda Hajning barcha amallarini to‘liq yakunladi.

Jidda aeroportida hojilarni mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Musulmonlar idorasining haj tadbirlarini tashkil etishga mas’ul vakillari kuzatib qo‘ydi.

“Prezident hojilari” Haj ziyoratini amalga oshirish uchun yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar uchun O‘zbekiston Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ular ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik va e’tibor tufayli muqaddas ibodatlarni xotirjam va munosib tarzda ado etganini ta’kidladi.

Ziyoratchilar, shuningdek, davlatimiz rahbariga sihat-salomatlik va amalga oshirilayotgan islohotlarda muvaffaqiyatlar tilab, tinchlik-osoyishtalik, xalq farovonligi va yurtimizning yanada taraqqiy etishi uchun duo qilib, O‘zbekistonga katta taassurotlar bilan qaytayotganini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish