Toshkentda “XXII Xalqaro madaniy an’analar va milliy taomlar xayriya festivali” bo‘lib o‘tmoqda
May 23, 2026. 15:30 • 2 daq
• 160TOSHKENT, 23 may. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik servis xizmati tomonidan tashkil etilgan “XXII Xalqaro madaniy an’analar va milliy taomlar xayriya festivali” bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu anjuman mamlakatimizdagi an’anaviy xalqaro madaniy maydonlardan biri hisoblanib, u madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash hamda dunyo xalqlarining urf-odat va an’analarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Bu yilgi festivalda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan hamda faoliyat yuritayotgan 20 dan ortiq diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar hamda milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etmoqdalar.
Tadbir qatnashchilari o‘z davlatlarining milliy taomlari, boy madaniy an’analari, musiqa va raqs dasturlari hamda milliy liboslari elementlarini keng namoyish etmoqdalar.
Festivalning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Diplomatik servis xizmati bosh direktori Oybek Egamberdiyev va boshqa rasmiy shaxslar so‘zga chiqdilar.
Anjuman mehmonlari dunyo xalqlari milliy oshxonalarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan yaqindan tanishish, taomlarni tayyorlash jarayonlarida bevosita ishtirok etish hamda diplomatik korpus va tadbir sheriklari tomonidan tashkil etilgan madaniy-ko‘ngilochar dasturdan bahramand bo‘lish imkoniyatiga egadirlar.
Tashkilotchilarning alohida ta’kidlashicha, mazkur festival mutlaqo xayriya maqsadlarida o‘tkazilmoqda.
Milliy taomlar sotuvidan tushgan barcha mablag‘lar, shuningdek, tadbir davomida yig‘ilgan homiylik yordamlari O‘zbekistondagi onkologik kasalliklarga chalingan hamda nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
E’tiborli jihati shundaki, bu yilgi festival doirasida ilk bor O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijlik diplomatlar farzandlari tomonidan chizilgan «Yerdagi tinchlik» («Mir na Zemle») mavzusidagi suratlar ko‘rgazmasi ham keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi











