O‘zbekiston vakillari “Peterburg fasllari” festivalida ishtirok etadi

Iyun 02, 2026. 15:25 • 2 daq

73
O‘zbekiston vakillari “Peterburg fasllari” festivalida ishtirok etadi

SANKT-PЕTЕRBURG, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan “Peterburg fasllari” («Peterburgskiye sezoni») madaniyat festivali doirasida keng ko‘lamli madaniy dasturni taqdim etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Rossiyaning “Vedomosti” nashriga tayanib.

Tashabbus O‘zbekistonning madaniy merosini targ‘ib qilish, xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirish hamda dunyoning yetakchi institutlari bilan professional muloqotni mustahkamlashga qaratilgan izchil ishlar davomining bir qismi bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, jamg‘arma tomonidan Davlat Ermitaji bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Saroy xonalarini ochib: Buxoro amiri saroyidagi san’at” ko‘rgazmasi dasturning markaziy tadbirlaridan biri bo‘ladi.

Ko‘rgazma doirasida ilmiy risola nashri, ma’ruza va seminarlar o‘tkazish, an’anaviy musiqa konsertlari, mahorat darslari hamda interaktiv ta’lim formatlarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli parallel dastur ham rejalashtirilgan.

Madaniy dasturning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida “Yerdagi muhabbat va samoviy sevgi. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasi 2-iyundan 13-sentyabrgacha Sankt-Peterburgdagi Faberje muzeyida bo‘lib o‘tadi.

Ekspozitsiya 25 dan ortiq muzeydan keltirilgan 170 ga yaqin asarni birlashtiradi. O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi kolleksiyasidan to‘qqizta eksponat ham namoyish etiladi. O‘zbek muzey ashyolarining loyihada ishtirok etishi xalqaro muzey hamkorligining kengayishi va O‘zbekiston madaniy merosining yirik xalqaro ko‘rgazma tashabbuslariga integratsiyalashuvini aks ettiradi.

Nashrda ma’lum qilinishicha, teatr dasturining asosiy voqeasi 4-iyun kuni “Peterburg fasllari” madaniyat festivali doirasida Mariinskiy teatri sahnasida bo‘lib o‘tadigan Georg Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasi namoyishi bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish