O‘zbekistonning 24 ta universiteti Top-1000 ta oliygoh reytingidan joy oldi

Iyun 30, 2026. 12:30 • 2 daq

80
O‘zbekistonning 24 ta universiteti Top-1000 ta oliygoh reytingidan joy oldi

TOSHKENT, 30-iyun /“Dunyo” AA/. “Times Higher Education” (THE) xalqaro reyting agentligi tomonidan Indoneziyada bo‘lib o‘tgan taʼlim kongressi doirasida eʼlon qilingan “THE Sustainability Impact Ratings 2026” reytingiga ko‘ra, mamlakatimizning 24 ta oliy taʼlim muassasasi dunyoning eng nufuzli 1000 ta oliygoh qatoriga kirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur reyting jahon oliy taʼlim muassasalarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shgan hissasini taʼlim sifati, ilmiy tadqiqotlar, institutsional boshqaruv, ijtimoiy masʼuliyat, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlik kabi muhim mezonlar asosida baholaydi.

Reyting natijalariga ko‘ra, eng yuqori natijani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayd etib, 101–200-o‘rinlar guruhidan joy olgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Milliy universiteti va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti 201–300-o‘rinlar, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti 301–400-o‘rinlar diapazonidan joy olgan.

Yurtimiz oliy taʼlim muassasalari barqaror rivojlanishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Gender tengligi” yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni egallagan. Toshkent davlat texnika universiteti “Arzon va toza energiya” yo‘nalishida 5-o‘rinni, Farg‘ona politexnika instituti esa 6-o‘rinni band etgan.

Toshkent davlat pedagogika universiteti “Gender tengligi” yo‘nalishida 20-o‘rinni, Termiz davlat universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Arzon va toza energiya” yo‘nalishida mos ravishda 36- va 48-o‘rinlarni egallagan. Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Salomatlik va farovonlik” yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 100 ta universiteti qatoriga kirgan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu reytingda ishtirok etayotgan O‘zbekiston universitetlari soni yildan-yilga ortib bormoqda. Agar 2021-yilda reytingda 12 ta oliy taʼlim muassasasi bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 30 tani, 2023-yilda 47 tani, 2024-yilda 53 tani tashkil etgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 59 taga yetgan. 2026-yilda reytingga mamlakatning 50 ta oliy taʼlim muassasasi kiritilgan va ulardan 24 tasi top-1000 talikdan munosib joy olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish