Tokiodagi sammitda O‘zbekistonning ekologik tashabbuslari eʼtirof etildi

Iyun 30, 2026. 12:00 • 3 daq

74
Tokiodagi sammitda O‘zbekistonning ekologik tashabbuslari eʼtirof etildi
Tokiodagi sammitda O‘zbekistonning ekologik tashabbuslari eʼtirof etildi

TOKIO, 30-iyun /“Dunyo” AA/. Yaponiya parlamentida “World Environment Summit” tashkiliy qo‘mitasi hamda “DEVNET International” xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida VI Jahon atrof-muhit sammiti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va bu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan nufuzli anjumanda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ham faol ishtirok etdi.

Sammitda Yaponiya parlamenti aʼzolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatik korpus, ishbilarmon doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari va ekologik sohada faoliyat yurituvchi ekspertlar qatnashdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga tatbiq etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosati haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan xalqaro ekologik tashabbuslar katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, BMTning Orolbo‘yi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama trast jamg‘armasini tashkil etish, Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish, Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga oid tashabbuslar alohida eʼtirof etildi.

Anjumanda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, suv resurslarini samarali boshqarish, Orolbo‘yi ekologik muammolarini yumshatish, qayta tiklanuvchi energetika va ekologik texnologiyalar sohalarida izchil rivojlanayotgan hamkorlik ham yuqori baholandi.

Sammit ishtirokchilari O‘zbekistonning ekologik barqarorlik va iqlim siyosati sohasidagi amaliy tajribasini yuksak baholab, mamlakatimiz tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Tadbir doirasida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy anʼanalari va zamonaviy turizm salohiyati keng targ‘ib qilinib, investitsiya, savdo, turizm, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

“Virtual shaharda barqaror taraqqiyot maqsadlari” bo‘yicha Xalqaro atrof-muhit sammiti taʼsischisi Masaaki Xirai O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiyani keng joriy etish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yini tiklash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, “Xalqaro atrof-muhit sammiti ijroiya qo‘mitasi” raisi Keysuke Yoshida O‘zbekistonning ekologik muammolarni hal etish borasidagi aniq va samarali saʼy-harakatlari, ayniqsa, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlari ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirganini qayd etdi.

U Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yana-da mustahkamlash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni kengaytirish muhim vazifa ekanini taʼkidlab, yaqin kelajakda yapon ishbilarmonlari va tashkilotlari vakillarining O‘zbekistonga tashrif buyurib, hamkorlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish istagini bildirdi.

Tokioda bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli sammit O‘zbekistonning ekologik islohotlari, “yashil” taraqqiyot strategiyasi va xalqaro tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini yana bir bor namoyon qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish