Mundialdagi omadsizlikdan so‘ng Janubiy Koreya bosh murabbiyi isteʼfoga chiqdi

Iyun 29, 2026. 17:30 • 3 daq

97
Mundialdagi omadsizlikdan so‘ng Janubiy Koreya bosh murabbiyi isteʼfoga chiqdi

SEUL, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Futbol bo‘yicha Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Xon Myon Bo jamoaning jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan so‘ng isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Yonhap” axborot agentligiga tayanib.

Kecha Meksikada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida murabbiy muxlislardan uzr so‘radi va natija uchun butun masʼuliyat “bosh murabbiy sifatida to‘liq uning zimmasida” ekanini aytdi.

FIFA reytingida 32-o‘rinni egallab turgan va sardor Son Xin Min boshchiligidagi Janubiy Koreya terma jamoasi mundialda bir marta g‘alaba qozonib, ikki bor mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa Meksika va Janubiy Afrikaga imkoniyatni boy berib, A guruhida uchinchi o‘rinni egalladi.

Janubiy Afrikaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘linganidan so‘ng, guruhlarda uchinchi o‘rinni egallagan sakkizta eng yaxshi jamoalardan biri sifatida 1/16 finalga chiqish umidi saqlanib qolayotgandi. Bunday format jahon chempionati ishtirokchilari soni 32 tadan 48 taga kengaytirilgach, ilk bor qo‘llanilmoqda. Biroq 27-iyun kuni boshqa o‘yinlarning yakuniy natijalari Janubiy Koreya jamoasini kurashni davom ettirish imkoniyatidan mahrum qildi.

Jamoa musobaqadan chiqib ketganidan so‘ng, Janubiy Koreyada murabbiyga nisbatan tanqidlar kuchaydi. Milliy terma jamoaning “Red Devils” nomli rasmiy fan-klubi Xon Myon Bodan “butun mamlakat oldida tiz cho‘kishni va futbol olamini abadiy tark etishni” talab qildi.

Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon jamoaning musobaqani erta tark etishini “nafaqat kutilmagan, balki mutlaqo aqlga sig‘maydigan holat” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea tashkilotchilik va kadrlar siyosatidagi muammolardan dalolat beradi.

“Rahbar tanlashda layoqatga emas, shaxsiy aloqalarga ustunlik berilsa, natija yonayotgan qog‘oz kabi oldindan maʼlum bo‘ladi”, – dedi davlat rahbari hamda terma jamoaning muvaffaqiyatsiz ishtiroki sabablarini tergov qilishga chaqirdi.

Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Xon Myon Boning bosh murabbiy etib tayinlanishi boshidanoq bahs-munozaralar bilan kechgan. Terma jamoaning sobiq sardori Janubiy Koreya o‘z tarixida ilk bor yarim finalga chiqqan 2002-yilgi jahon chempionati qahramoni sanalardi. Biroq uning bosh murabbiy sifatidagi avvalgi faoliyati – 2014-yilgi jahon chempionatida jamoa guruhdan chiqa olmagan va birorta ham g‘alaba qozonmagan edi.

Uning 2024-yilda qayta tayinlanishi ham ayrim muxlislarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular Koreya futbol assotsiatsiyasini puxta saralab olingan boshqa nomzodlar o‘rniga “o‘z odami”ni afzal ko‘rganlikda aybladi.

Ayni paytda, Janubiy Koreya politsiyasi jamoa vataniga qaytganidan so‘ng sobiq bosh murabbiyni o‘ldirish bilan bog‘liq tahdidlar internetda paydo bo‘lgani ortidan Inchxon aeroporti va boshqa joylarda xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

“BBC” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish