27-oktabr kuni Toshkentda “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik – MiningMetals Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi

Oktabr 26, 2026. 15:30 • 5 daq

• 122
27-oktabr kuni Toshkentda “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik – MiningMetals Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi

TOSHKЕNT, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 27–29-oktabr kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma majmuasida “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik – MiningMetals Uzbekistan 2026” 20-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur ko‘rgazma “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tashkilotchiligida o‘tkaziladi.

Yigirma yil – bu shunchaki yubiley sanasi emas, balki sohaning rivojlanishi, texnologik o‘zgarishlar va xalqaro hamkorlikning kengayishidir. O‘zbekiston boy mineral-xomashyo bazasiga ega mamlakat bo‘lib, mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab tog‘-kon va metallurgiya sanoatini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish yo‘lini tanladi.

Aynan shu vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilish maqsadida “MiningMetals Uzbekistan” ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda. Ushbu ko‘rgazma mahalliy korxonalarga ilg‘or texnologiyalar, xalqaro tajriba va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini taqdim etuvchi muhim maydonga aylandi. Yigirma yil davomida ko‘rgazma ko‘lami kengayib, texnologik yangilanish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Tadbirning ahamiyati va dolzarbligi uning 20 yillik tarixida yaqqol ko‘rinib turibdi. Shu vaqt ichida ko‘rgazmada 41 mamlakatdan 1 723 ta kompaniya va brend ishtirok etdi va uning ekspozitsiyasiga 79 827 nafar mutaxassis tashrif buyurdi.

Bugungi kunda “MiningMetals Uzbekistan” tog‘-kon, metallurgiya va mashinasozlik sanoati vakillari uchrashadigan asosiy maydonlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu yerda kompaniyalar o‘z uskunalari va texnologiyalarini namoyish etadi, yangi hamkorlar topadi hamda biznesni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladi. Xalqaro kompaniyalar ishtirokining tobora ortib borayotgani esa O‘zbekistonning sanoat salohiyatiga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanini ifodalaydi.

Bu yilgi ko‘rgazmada Avstraliya, Belarus, Germaniya, Ispaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Finlyandiya, Xitoy, Eron, Estoniya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Hindiston kabi 19 mamlakatdan 163 ta kompaniya va brend o‘z ishlanmalarini taqdim etadi.

“MiningMetals Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi ishlab chiqarish siklining asosiy bosqichlari – burg‘ulash va qazib olishdan tortib, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgik qayta ishlash hamda ishlab chiqarishni raqamli boshqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.

Asosiy e’tibor ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, uskunalarning ishonchliligini ta’minlash, energiya samaradorligini yaxshilash hamda ishlab chiqarish jarayonlari xavfsizligini kuchaytirishga xizmat qiluvchi texnologiyalarga qaratiladi.

Ko‘rgazmada burg‘ulash va konchilik ishlarini olib borishga mo‘ljallangan yechimlar, portlatish ishlarining zamonaviy texnologiyalari, yer osti qon lahimlarini qazish, rudalarni maydalash va boyitish uskunalari, xomashyoni tashish hamda sanoat korxonalarini jihozlash uchun mo‘ljallangan uskunalar muhim o‘rin egallaydi.

Shu bilan birga, geologik modellashtirish, karer texnikasi faoliyatini boshqarish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va uskunalar holatini monitoring qilish uchun mo‘ljallangan raqamli vositalar ham namoyish etiladi.

Ekspozitsiyaning alohida yo‘nalishini mineral xomashyoni tadqiq etish va mahsulot sifatini nazorat qilishga mo‘ljallangan laboratoriya hamda tahliliy yechimlar tashkil etadi. Texnologik ekspozitsiyani sanoat sovutish, ventilyatsiya va aspiratsiya uskunalari, shuningdek, uskunalarni korroziya va abraziv yeyilishdan himoya qilishga mo‘ljallangan materiallar hamda butlovchi qismlar to‘ldiradi.

Ko‘rgazmaning amaliy qismini sanoat uskunalari namunalari, jumladan, turli rusumdagi burg‘ulash qurilmalari, materiallarga ishlov berish uchun mo‘ljallangan laboratoriya valikli pressi hamda sanoat sovutish tizimlari to‘ldiradi.

Tashrif buyuruvchilar namoyish etilayotgan yechimlarning konstruktiv xususiyatlari va texnik tavsiflari bilan tanishish, shuningdek, kompaniyalar vakillari bilan ularni ishlab chiqarishda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida O‘zbekiston tog‘-kon-metallurgiya majmuasining yetakchi korxonalari va xalqaro texnologik kompaniyalar o‘rin olgan.

O‘zbekiston milliy stendi O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining yagona birlashtirilgan stendi shaklida namoyish etiladi. Unda mamlakatimiz tog‘-kon va metallurgiya sanoatining yetakchi korxonalari – Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati hamda Navoiyuran birlashtiriladi.

Germaniya an’anaviy ravishda milliy paviloni bilan ishtirok etadi, Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston kompaniyalari esa ko‘rgazmada keng namoyish etiladi.

Xalqaro ekspozitsiyani tog‘-kon va metallurgiya texnologiyalarining turli yo‘nalishlariga ixtisoslashgan kompaniyalar ham to‘ldiradi. Ular orasida “TAKRAF / DELKOR” (Germaniya) – tog‘-kon sanoati va foydali qazilmalarni boyitish uchun yechimlar, “ORICA/ MAXAM” (O‘zbekiston) – portlatish texnologiyalari, “Flender” (Estoniya) – sanoat yuritma tizimlari, “HAVER NIAGARA” (Germaniya) – xomashyoni qayta ishlash uchun uskunalar, “Yantai Jinpeng” (Xitoy) – rudani boyitish texnologiyalari, “Terex Finlay” (Qozog‘iston) – maydalash va saralash texnikasi bor.

Burg‘ulash va tog‘-kon uskunalarini quyidagi kompaniyalar namoyish etadi: “Iko Machinery” (O‘zbekiston) – Komatsu texnikasi, “Soosan Heavy Industries” (Koreya Respublikasi), “ACR Sondaj” va “SFT Sondaj Ekipmanları” (Turkiya).

Shuningdek, ishtirokchilar qatorida sanoat uskunalari, butlovchi qismlar va texnologik yechimlarning turli yo‘nalishlarini taqdim etuvchi “Shanghai Shibang Machinery” (Xitoy), “Remas Redüktör” (Turkiya), “Yılmaz Redüktör” (Turkiya), “Kırlıoğlu Kimya” (Turkiya), “EMC LTD” (Avstraliya) va “Powerking Corporation” (Koreya Respublikasi) kompaniyalari ham o‘rin olgan.

Raqamli va laboratoriya texnologiyalari, xususan, geologik modellashtirish, laboratoriya tadqiqotlari va tahliliy uskunalar sohasida faoliyat yurituvchi O‘zbekistonning “MICROMINE”, “ALS Global” hamda “Orionica” kompaniyalari ham o‘z ishlanmalarini namoyish etadi.

Ko‘rgazmaning eng e’tiborga molik debyutlaridan biri O‘zbekistonda o‘zining ilk xorijiy sho‘ba korxonasini ochgan Ozarbayjonning “AzerGold” kompaniyasi ishtiroki bo‘lishi kutilmoqda.

Kompaniya geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni baholash sohasidagi loyihalarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi tog‘-kon sanoati sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ishbilarmonlik dasturining asosiy tadbirlaridan biri sakkizinchi bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston xalqaro kon-metallurgiya forumi – UIMF bo‘ladi. Forum shiori – “Resurslardan global imkoniyatlar sari”. Forum tog‘-kon va metallurgiya majmuasini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun soha vakillari va ekspertlarni birlashtiradi.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasi va ekspertlar dasturining uyg‘unligi professional tajriba almashish, sohadagi zamonaviy tendensiyalarni muhokama qilish hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yechimlarni izlash uchun qulay sharoit yaratadi.

“MiningMetals Uzbekistan” va “UIMF 2026” mahalliy korxonalar, xalqaro texnologik kompaniyalar hamda soha mutaxassislari hamjamiyati o‘rtasidagi yigirma yillik hamkorlik tarixini davom ettiradi.

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun “Iteca Exhibitions” matbuot xizmatiga murojaat qilish mumkin.

Tel: + (998 71) 205 18 18, E-mail: pr@iteca.uz; www.mining.uz

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish