Rossiya, AQSh va Ukraina noyabr oyida Abu-Dabida o‘tkaziladigan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Oktabr 26, 2026. 16:00 • 2 daq

• 148
Rossiya, AQSh va Ukraina noyabr oyida Abu-Dabida o‘tkaziladigan muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda

KIYEV, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya, AQSh va Ukraina noyabr oyining birinchi yarmida Abu-Dabida muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Britaniyaning “Sky News” telekanaliga tayanib.

Kecha Vladimir Zelenskiy bundan avval Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan amerikalik maxsus vakillar Jared Kushner va Stiv Uitkoff bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ukraina yetakchisi diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish hamda muzokaralar jarayonida Yevropa davlatlarining ishtirok etishi zarurligini ta’kidladi.

“Rejamiz – noyabr oyining birinchi yarmida va, albatta, imkon qadar tezroq uchrashishdan iborat”, – dedi prezident AQShning “Hudson Institute” tahliliy markazida videoaloqa orqali so‘zlagan nutqida.

Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Kiyev ham o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishni, ham energetika infratuzilmasi va dengiz operatsiyalari bo‘yicha alohida kelishuvlarni muhokama qilishga tayyor. Shu bilan birga, u Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlari berilishi va mamlakat armiyasining o‘n yil davomida moliyalashtirilishini qat’iy talab qilmoqda.

Rossiya tomoni uch tomonlama muzokaralarni qayta tiklashga tayyorligini tasdiqladi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuv davomida asosiy e’tibor tinchlik bitimi tuzilganidan keyin Rossiya va Ukraina xavfsizligini ta’minlash masalalariga qaratilishini ma’lum qildi.

Amerika tomoni rejalashtirilayotgan uchrashuv yuzasidan hozircha Oq uyning alohida rasmiy izohini taqdim etmadi. Shu bilan birga, AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya, Ukraina va Yevropa vakillari bilan muloqotlar texnik darajada davom etishini bildirdi.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish