Minskda O‘zbekiston–Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Sentabr 22, 2026. 16:30 • 2 daq
• 9
MINSK, 22-sentabr. /"Dunyo" AA/. O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov hamda Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda bo‘lajak parlamentlararo forumga tayyorgarlik ko‘rish masalalari diqqat markazida bo‘ldi,
Joriy yilning 29–30-sentabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan anjumanda ikki mamlakat vakillari nafaqat parlamentlararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qiladilar, balki iqtisodiy sohada yangi kelishuvlarga erishish, bir qator bitim va tijorat shartnomalarini imzolashni ham rejalashtirmoqdalar.
Minskdagi muzokaralar Xiva forumi oldidan tomonlarning pozitsiyalarini muvofiqlashtirish hamda hamkorlikning keyingi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi.
Suhbat chog‘ida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Belarus Respublika Kengashining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik ta’kidlaganidek, parlamentlar ikki davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishda bevosita ko‘maklashishi lozim. Shu sababli parlamentlararo muloqot faqat rasmiy uchrashuvlar bilan cheklanib qolmay, amaliy xususiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, uchrashuv davomida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va bu yo‘nalishdagi aloqalarni izchil faollashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi