O‘zbekistonning IT-salohiyati Berlinda namoyish etildi
Sentabr 20, 2026. 10:30 • 3 daq
• 183BERLIN,-20-sentyabr. /»Dunyo» AA/. O‘zbekiston elchixonasida Raqamli texnologiyalar vazirligi, «IT Park Uzbekistan» hamda uning GFR «IT-PARK UZB GmbH vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan «Digital Uzbekistan - Berlin 2026» konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Germaniyaning IT, raqamli texnologiyalar, konsalting, investitsiya va innovatsiya sohalaridagi 50 dan ortiq yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari hamda ekspertlari, shuningdek, «IT Park Uzbekistan» vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Tadbirning maqsadi Germaniya ishbilarmon doiralariga O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan IT-sohasi salohiyatini namoyish etish hamda mamlakatimiz texnologik kompaniyalari va nemis kompaniyalari, startaplari hamda investorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishdan iboratdir. Mamlakatimiz Yevropa bozoriga global raqamli xizmatlar va texnologik yechimlarni taklif etuvchi ishonchli hamkor sifatida taqdim etildi.
O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov ikki mamlakat o‘rtasida raqamli texnologiyalar va IT sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi. U mamlakatning IT-ekotizimi, texnologik kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar, raqamli xizmatlar rivoji va xorijiy hamkorlar uchun berilayotgan imtiyozlar haqida so‘z yuritdi.
Germaniya ishbilarmon va investitsiya doiralari vakillari o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyati hamda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar nemis biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonning IT-ekotizimiga bag‘ishlangan sessiyada «SaaS», «FinTech», sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va «RegTech» yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatning «OX», «Geomotive» va «Moneff» kabi yetakchi texnologik kompaniyalari nemis tadbirkorlariga o‘z mahsulotlari va innovatsion yechimlarini taqdim etdilar.
Netvorking-sessiya davomida B2B muzokaralar o‘tkazildi, yangi hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va qo‘shma loyihalar bo‘yicha qator kelishuvga erishildi. Shuningdek, «IT Park Uzbekistan» faoliyati va mamlakatning turistik salohiyatiga oid materiallar taqdim etildi. Berlinda o‘tkazilgan konferensiya va uchrashuvlar O‘zbekistonda IT-sohasini yanada rivojlantirish va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Yeva Geresh, «Cambridge Innovation Center (CIC) Berlin» direktorlar kengashi a’zosi:
— Biz O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan innovatsion ekotizimi haqida atroflicha ma’lumot oldik va bu menda katta taassurot qoldirdi. Bugun «CIC Berlin» va «IT Park Uzbekistan» o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganidan juda mamnunman — bu sherikligimizni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Hozirda biz bir qator istiqbolli loyihalarni muhokama qilmoqdamiz va ikkala mamlakat startaplari uchun katta imkoniyatlar mavjud deb hisoblaymiz.
Fayzulla O‘lmasov, «IT Park Uzbekistan»ning Yevropa bozorlari bo‘yicha global o‘sish rahbari:
— Tadbir O‘zbekistonning Germaniyadagi eksport salohiyatini, xususan, startaplarimiz va IT-kompaniyalarimiz faoliyatini taqdim etishga bag‘ishlandi. Uning maqsadi Germaniya biznes-jamiyatini O‘zbekistonda, ayniqsa «IT Park»da yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishtirish, xorijiy kompaniyalarni mamlakatimizga jalb etish va o‘zbekistonlik IT va startap kompaniyalarning Germaniya bozoriga chiqishiga ko‘maklashishdan iboratdir. Delegatsiyamiz vakillari, o‘z navbatida, Germaniya bozori haqida zarur bilimlarga ega bo‘ldilar va yangi aloqalarni o‘rnatdilar. Bu startaplar va innovatsion kompaniyalarning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi roli ortib borayotganini ko‘rsatadi. «IT Park Uzbekistan» va Germaniyaning innovatsion ekotizimi o‘rtasidagi hamkorlik o‘zbek kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





