Ashxobodda O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlab tantanali tadbir o‘tkazildi
Sentabr 06, 2026. 16:30 • 3 daq
• 5ASHXOBOD, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Turkmaniston poytaxtidagi “Tashkent” madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bayram tadbiri O‘zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakat Tashqi ishlar va Madaniyat vazirliklari hamda Ashxobod shahar hokimligi ko‘magida o‘tkazildi.
Tantanali marosimda Turkmaniston hukumati, Ashxobodda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, Turkmanistonning ishbilarmon va akademik doiralari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov davlatimiz rahbari boshchiligida “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini hayotga tatbiq etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi yuksak samaralariga alohida to‘xtaldi.
Xususan, elchi mamlakatimizda “yashil” energetika, iqtisodiyot va turizm sohalarida erishilayotgan yutuqlar, O‘zbekistonning ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va konstruktiv muloqotga asoslangan qat’iy tashqi siyosati haqida so‘z yuritdi.
Ishtirokchilar o‘zbek-turkman strategik sheriklik munosabatlari ikki davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodasi va birodarlik rishtalari tufayli bugungi kunda sifat jihatidan mutlaqo yangi, yuqori bosqichga ko‘tarilganini alohida e’tirof etdilar.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Xojimurat Geldimuradov ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va siyosiy rishtalarga alohida to‘xtaldi.
U Turkmaniston va O‘zbekistonni ko‘p asrlik tarixiy, madaniy va ma’naviy aloqalar bog‘lab turishini ta’kidladi. Xalqlarimizni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat, an’analar mushtarakligi hamda do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga bo‘lgan intilish birlashtiradi.
Bugungi kunda turkman-o‘zbek munosabatlari yuqori darajadagi o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va konstruktiv hamkorlik bilan ajralib turadi. Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashda ikki davlat liderlarining muntazam uchrashuvlari va muzokaralari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tantanali tadbirda O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yildagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, boy eksport va turistik salohiyati hamda milliy madaniyati va xalq amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Turkmaniston madaniyat va san’at ustalarining samimiy bayram konserti kechaga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Yuqori saviyada o‘tkazilgan ushbu tadbir o‘zbek-turkman strategik sherikligining yuksak darajasini hamda tomonlarning ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishini yaqqol namoyish etib, mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







