O‘zbekiston va Niderlandiyaning Frisland provinsiyasi amaliy hamkorlikni kengaytirmoqda
Sentabr 06, 2026. 14:00 • 2 daq
• 1
LEUVARDEN, 6 sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fazilov Niderlandiyaning Frisland provinsiyasiga tashrif buyurib, hudud rahbariyati, kompaniyalar hamda ilmiy-innovatsion markazlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Provinsiyaning qirollik komissari Arno Brok bilan o‘tkazilgan muloqotda zamonaviy O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, iqtisodiyot, investitsiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda ijtimoiy sohalarda erishilgan ijobiy natijalar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar chorvachilik, sut sanoati, suv xo‘jaligi, agrar ta’lim, turizm va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, Frisland va O‘zbekiston hududlaridan biri o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish taklif etildi. Arno Brok nafaqat idoralararo, balki kompaniyalar, universitetlar, ilmiy markazlar va insonlar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Tashrif davomida “Firma Schaap”, “Venema Sugar Installations” va “OD Security” kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda “Dairy Campus” ilmiy-innovatsion markazi faoliyati bilan tanishildi.
Xususan, “Firma Schaap” kompaniyasi bilan Andijon viloyatiga 1 ming boshga yaqin naslli chorva mollarini yetkazib berish, “Venema Sugar Installations” bilan O‘zbekistondagi yangi shakar ishlab chiqarish loyihasida ishtirok etish va xomashyo sifatini avtomatik nazorat qilish tizimlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. “OD Security” kompaniyasi bilan esa rentgen skanerlarini yurtimizning bojxona, chegara, penitensiar va aeroport infratuzilmasida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu kompaniya Toshkentda o‘tkaziladigan “InnoWeek-2026” haftaligida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
So‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan “Dairy Campus” markazida “aklli fermalar”, ozuqa samaradorligi, chiqindilarni kamaytirish, biogaz va hayvonot salomatligi sohasidagi tadqiqotlar tajribasi o‘rganildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Frisland o‘rtasida agrosanoat, texnologik, ilmiy va ta’lim sohalarida kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi