Xivada xalqaro qovun sayli festivali boshlandi
Avgust 07, 2026. 16:30 • 2 daq
• 12
XIVA, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Xiva shahrida har yili anʼanaviy ravishda o‘tkaziladigan Xalqaro qovun sayli festivali boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
9-avgustga qadar davom etadigan ushbu tadbir O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Festivalda turizm sohasi xodimlari, hunarmandlar, turoperatorlar, sayyohlar, ijodkorlar, yurtimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida turizm industriyasi vakillari ishtirokida B2B formatida uchrashuv tashkil etildi, shuningdek, Xorazm viloyatining tarixiy va zamonaviy sayyohlik obyektlariga ekskursiyalar uyushtirildi. Hunarmandchilik ustaxonalarida namoyish etilgan milliy mahsulotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Festivalning asosiy voqeasi bo‘lgan sara qovun navlari ko‘rgazmasi barchaga unutilmas onlarni tuhfa etdi. Xalq hunarmandchiligi mahsulotlari yarmarkasi, milliy taomlar taqdimoti, xalq o‘yinlari, folklor jamoalari chiqishlari hamda o‘zbek va xorijiy sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari ishtirokchilarga yana-da ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Mazkur festival Xorazm viloyatining turistik salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, turizmni rivojlantirish, milliy anʼana va qadriyatlarni asrab-avaylash, xalq hunarmandchiligini qo‘llab-quvvatlash hamda turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi