Su Chan: O‘zbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoning muhim madaniy va iqtisodiy markazlaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi
Avgust 07, 2026. 14:00 • 2 daq
• 29
PEKIN, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti yetakchi ilmiy xodimi Su Chan O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Yaqinda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidagi Termiz shahrida bo‘ldim. U yerda logistika markazi, O‘zbekiston tomonidan afg‘on aholisi uchun qurilgan shifoxona, yoshlar uchun kasb-hunar markazi va boshqa obyektlar joylashgan erkin savdo zonasini ko‘zdan kechirdim.
Bu yerda ko‘plab savdo shoxobchalari va tamaddixonalar faoliyat yuritmoqda. Bunday muhit O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga muhim hissa qo‘shayotganini ifodalaydi.
Mamlakatning ichki barqarorlikni saqlash borasidagi keng ko‘lamli saʼy-harakatlariga guvoh bo‘ldim. Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz shahri butunlay xavfsiz. Ko‘plab afg‘on savdogarlari erkin savdo zonasi hududida bemalol harakatlanishi mumkin.
Ishonchim komilki, O‘zbekiston kelajakda Afg‘onistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda, butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlashda yanada muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston qishloqlarining nihoyatda tez surʼatlar bilan rivojlanayotganini payqadim – bu yerdagi o‘zgarishlar kishini hayratga soladi va bunday natijaga erishish juda mushkul edi.
So‘nggi yillarda Xitoy–O‘zbekiston munosabatlari barcha yo‘nalishlarda har tomonlama va jadal rivojlanmoqda. Ishonamanki, kelajakda ikki tomonlama hamkorlik uchun yanada keng istiqbollar ochiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat bundan buyon ham uzluksiz ravnaq topib, o‘zining to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqargan holda Markaziy Osiyoning eng muhim madaniy va iqtisodiy markazi sifatida namoyon bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi