Polshadan munosabat: Seulning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi
Sentabr 18, 2026. 10:30 • 3 daq
• 30
VARSHAVA, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis, Varshava universiteti siyosiy fanlar va xalqaro munosabatlar fakulteti tadqiqotchisi Linda Masalskaya “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 13–16-sentabr kunlari Janubiy Koreyaga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ishbilarmonlar uchrashuvlari ham tashrifning muhim tarkibiy qismi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari, jumladan, “Kia Motors” va “Hyundai Motor Group” vakillari bilan uchrashib, sheriklik loyihalari bo‘yicha suhbatlashdi. Bu iqtisodiy hamkorlik nafaqat muhim xomashyo turlarini, balki avtomobil sanoatini ham qamrab olishidan dalolat beradi.
Janubiy Koreya nuqtai nazaridan, Markaziy Osiyoning ahamiyati, avvalo, uning iqtisodiy salohiyati, xususan, boy xomashyo resurslari zaxiralari va mintaqaning o‘sib borayotgan geosiyosiy roli tufayli ortib bormoqda. Yaqin yillarda ushbu hamkorlik doirasida muhim xomashyo turlari, yangi texnologiyalar, jumladan, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish alohida ahamiyat kasb etishi mumkin.
Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi. Bu Seul tomonidan alohida strategik sheriklik sifatida belgilangan munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan mintaqadagi yagona davlatdir. 2019-yilda belgilangan ushbu maqom ikki tomonlama aloqalarning siyosiy ahamiyatini ifodalaydi.
O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Osiyodagi eng yirik hamkorlari qatoriga kirmasada, Seulning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida alohida va siyosiy jihatdan muhim o‘rin tutadi. Bunday holat uzoq yillik siyosiy aloqalar va ikki tomonlama munosabatlarning ramziy ahamiyati bilan bog‘liq. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan ko‘p sonli koreys millatiga mansub jamoalar bu borada muhim rol o‘ynaydi. Uning shakllanish tarixi sovet davriga borib taqaladi. O‘shanda, 1937-yilda, o‘n minglab koreyslar SSSRning Uzoq Sharqidan Markaziy Osiyoga, asosan, O‘zbekiston va Qozog‘istonga deportatsiya qilingan.
Iqtisodiy nuqtai nazardan, Seul O‘zbekistonning muhim sarmoyaviy va texnologik hamkori bo‘lib qolmoqda, garchi ikki tomonlama savdo ko‘lami hali ham nisbatan cheklangan bo‘lsa-da. O‘zbekistonning Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalari ancha keng. Shu bilan birga, Janubiy Koreya bilan hamkorlik O‘zbekistonning iqtisodiy va tashqi siyosiy aloqalarini diversifikatsiya qilish siyosatining bir qismidir.
Aynan hozirgi hamkorlikning nisbatan kichik ko‘lami uni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini anglatadi. Eng istiqbolli yo‘nalishlar qatoriga muhim minerallar, yangi texnologiyalar, sunʼiy intellekt, avtomobilsozlik sanoati va infratuzilmani rivojlantirish kiradi.
O‘zbekiston uchun bu Janubiy Koreya investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish imkoniyatini ochsa, Janubiy Koreya uchun muhim xomashyo turlariga kirish va mavjud yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi