“Ariananews” AA: Termizda O‘zbekiston–Afg‘oniston yengil sanoat mahsulotlarining qo‘shma ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Sentabr 17, 2026. 22:30 • 2 daq

20
“Ariananews” AA: Termizda O‘zbekiston–Afg‘oniston yengil sanoat mahsulotlarining qo‘shma ko‘rgazmasi o‘tkazildi

KOBUL, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Ariananews” axborot agentligida Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi sheriklik aloqalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, 15-sentabr kuni Termiz xalqaro savdo markazida Afg‘oniston va O‘zbekiston yengil sanoat mahsulotlariga bag‘ishlangan birinchi o‘zbek-afg‘on qo‘shma ko‘rgazmasi ish boshlagan. Ko‘rgazmada ikki mamlakat rasmiylari, diplomatlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada afg‘on gilamlari, zaʼfaron, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qo‘l sanʼati mahsulotlari, quritilgan mevalar va kiyim-kechak kabi mahsulotlar namoyish qilindi.

Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuruddin Aziziy ikki mamlakat anʼanaviy savdodan tashqari qo‘shma ishlab chiqarish, investitsiya, taʼminot zanjiri va eksportni kengaytirishga o‘tishi kerakligini taʼkidlagan.

U Afg‘onistonning gilam, to‘qimachilik, kiyim-kechak, charm buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi salohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tgan.

Maqolada qayd etilishicha, afg‘onistonlik ishbilarmonlar O‘zbekistonni ishlab chiqarish, texnologiya, muhandislik va mintaqaviy bozorlarga chiqishning asosiy manbai sifatida eʼtirof qilgan.

Tashkilotchilar biznesdan biznesga (B2B) formatidagi uchrashuvlarning muhimligi hamda ushbu ko‘rgazma maxsus savdo shartnomalarini tuzish, investitsiya sohasida sheriklik o‘rnatish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishga hissa qo‘shishini taʼkidlagan.

Tadbir davomida Afg‘onistondagi “Ghazanfar Bank” va O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi (UZEX) vakillari savdo tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan hamkorlik shartnomasini imzolagan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish