“Alliance-press.kg”: O‘zbekiston va AQSh o‘zaro manfaatlar asosida iqtisodiy sheriklikni kengaytirmoqda
Oktabr 17, 2026. 13:00 • 2 daq
• 18
BISHKEK, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Alliance-press.kg”axborot agentligida “C5+1” formatida Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi muloqotning kengayishi investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochadi. Xususan, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak uchrashuv mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlashi va Markaziy Osiyo hamda AQSh ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashiga alohida e’tibor qaratilgan.
Muallif “C5+1” formati siyosiy muloqotni energetika, transport, muhim minerallar va raqamli texnologiyalar sohasidagi aniq yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashtirgan holda bosqichma-bosqich amaliy iqtisodiy mazmun kasb etayotganini ta’kidlaydi. Bu borada erishilgan kelishuvlardan tegishli moliyalashtirish va texnologik yechimlar bilan ta’minlangan real investitsiya loyihalarini amalga oshirishga o‘tish eng muhim shartlardan biri hisoblanadi.
Nashrda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning bosqichma-bosqich kengayib borayotgani, o‘zaro savdo dinamikasi, Amerika kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining ortishi hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etishning yangi mexanizmlari yaratilayotgani e’tirof etilgan. Qayta ishlash sanoati, energetika infrastrukturasi, logistika va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamkorlikning istiqbolli sohalari sifatida ko‘rsatilgan.
Agentlik bahosiga ko‘ra, o‘zbek-amerika sherikligining mustahkamlanishi O‘zbekistonning xalqaro kapitalni jalb etish va milliy iqtisodiyotni global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Mintaqaviy hamkorlik formati esa transport bog‘liqligi, energetika xavfsizligi va savdo-iqtisodiy aloqalar barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi