Yaponiyalik jurnalistlar O‘zbekiston haqida maxsus materiallar tayyorlashni rejalashtirmoqda
Oktabr 17, 2026. 11:12 • 2 daq
• 121
TOKIO, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida “Yomiuri Shimbun” gazetasi jurnalisti Kazumi Mugikura va fotojurnalist Koxira Makiko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda 2026-yil 21–22-oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” mavzusidagi Butunjahon sammiti hamda uning doirasidagi tadbirlarni Yaponiya ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalari muhokama qilindi.
Jurnalistlarga sammitning maqsad va vazifalari, O‘zbekistonda bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimlarini rivojlantirish borasidagi islohotlar, shuningdek, mamlakatning turistik salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Sammit doirasida o‘tkaziladigan II xalqaro bolalar onkologiyasi kongressi va unda xalqaro, jumladan, yapon mutaxassislarining ishtirok etishi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Jurnalist Kazumi Mugikura Samarqanddagi tadbirlar bolalar salomatligi sohasidagi xalqaro hamkorlikni yoritish uchun samarali maydon bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, Yaponiya jamoatchiligini sammitning maqsadlari va kutilayotgan natijalari haqida xabardor qilish muhimligini qayd etdi.
“Yapon o‘quvchilarini O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi, mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan islohotlar va turistik salohiyati bilan tanishtirishni istayman. Sammitdan so‘ng tarixiy obidalar, madaniyat va mamlakatning bugungi hayoti haqida materiallar tayyorlash maqsadida Samarqand va Toshkent shaharlariga borishni rejalashtirdim. “CREA Traveller” va “Marie Claire” jurnallarida maxsus maqolalar va sayohat ocherklarini chop etish niyatim bor. Bu yapon o‘quvchilarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yana-da oshiradi”, – dedi jurnalist.
Tashrif doirasida jurnalistlar Samarqand va Toshkent shaharlariga ijodiy safar uyushtirib, uning yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning turistik imkoniyatlariga bag‘ishlangan fotoalbom va sayohat materiallarini tayyorlashni ham rejalashtirmoqda.
Yaponiyalik ijodkorlar turizm mavzusida materiallar tayyorlash bo‘yicha 30 yillik tajribaga ega. “Yomiuri” nashrining kundalik tiraji 5,8 million nusxani, “Yomiuri Shimbun Online” raqamli platformasining oylik foydalanuvchilari soni esa 16 million nafardan ziyodni tashkil etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi