Logo

Anqarada vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

Mart 08, 2026. 12:02 • 2 daq

19
Anqarada vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Anqarada vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi

ANQARA, 8-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi tomonidan muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri

Ushbu madaniy-ma’rifiy uchrashuvda 180 nafardan ortiq yurtdoshimiz ishtirok etdi. Tadbirni yoritish uchun mahalliy “TRT Avaz” telekanali, hamda yurtimizdagi ommabop “Gazeta.uz” sayti muxbirlari taklif etildi. Vatandoshlarga mamlakatimizdan tashrif buyurgan Farg‘ona shahri imom-xatibi Jo‘rabek Raxmonov ma’ruza qildi.

Imom-xatib tadbir davomida muqaddas Ramazon oyining insonlarni ezgulikka, mehr-shafqat va bag‘rikenglikka chorlovchi, jamiyatda birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi ma’naviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bayramona ruhda o‘tgan tadbir chog‘ida ko‘p yillardan buyon Turkiyada istiqomat qilib kelayotgan Dilfuza Siddiqova bu yilgi Ramazoni sharif kunlarida tinchlik-omonlik, o‘zaro do‘stlik va ahillikka intilib yashash naqadar muhimligini ta’kidlab, xorijdagi yurtdoshlar holidan xabar olib turgani uchun barcha vatandoshlar nomidan O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.

Turkiyadagi “Renaissance Construction” kompaniyasida so‘nggi olti oy davomida mehnat faoliyatini olib borayotgan surxondaryolik Sherqo‘zi Bobomurodov ham tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildirib, bunday uchrashuvlar musofir yurtda mehnat qilayotgan yurtdoshlarga katta ma’naviy ko‘mak bo‘layotganini e’tirof qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, turli xorijiy davlatlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarimizni bir dasturxon atrofida birlashtirish, ushbu oyga xos ezgu fazilatlarning yana bir mujassam ifodasi bo‘lgan. Qolaversa, konsullik vakillari ham vatandoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularning holidan xabar olib turmoqda.

Tadbir ishtirokchilari bunday uchrashuvlar davlatimiz rahbarining “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yuritayotgan siyosati amaliy ifodasi ekanini qayd etdi. Ularning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar xorijda tahsil olayotgan yoshlarni birlashtirish, o‘zaro muloqotni mustahkamlash hamda Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

So‘zga chiqqanlar bu kabi ma’naviy-ma'rifiy uchrashuvlar xorijda mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan hamyurtlar uchun ortida O‘zbekiston hukumati turganini yanada chuqur his etish imkonini berayotganini ta’kidladi. Bu esa o‘z navbatida ularda Vatanga bo‘lgan iftixor va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish