Yaponiyada mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Mart 05, 2026. 14:34 • 2 daq
• 246TOKIO, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Yaponiyadagi “Shimizu Sorporation” qurilish kompaniyasida mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar bilan madaniy-maʼrifiy uchrashuv doirasida iftorlik tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Elchixona tomonidan o‘tkazilgan mazkur madaniy-maʼrifiy tadbir vatandoshlar bilan yaqindan tanishish, ularning muammolarini o‘rganish va tegishli yordam ko‘rsatishga zamin yaratdi.
Muloqot davomida diplomatlar yurtdoshlarimizni muborak Ramazon oyi bilan tabriklab, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini alohida eʼtirof etdi.
Shu bilan birga, xorijda ishlayotgan yurtdoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish elchixonaning ustuvor vazifalaridan biri ekani qayd etildi. Davlat siyosatida inson qadri va manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida belgilangani taʼkidlandi.
Uchrashuv doirasida konsullik yo‘nalishi bo‘yicha vatandoshlarga amaliy va foydali maʼlumotlar taqdim etildi. Xususan, o‘z vaqtida konsullik hisobiga turishning ahamiyati, hujjatlarning rasmiylashtirilishi, mehnat shartnomalariga rioya qilish, yashash va ishlash tartib-qoidalariga qatʼiy amal qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga rioya etish, huquqbuzarliklarning oldini olish va shaxsiy masʼuliyatni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir davomida elchixona vakillari bilan vatandoshlar o‘rtasida bevosita muloqot taʼminlandi, hamyurtlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Mazkur format diplomatik vakolatxona rahbariyatining fuqarolar bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yuritish amaliyotini yanada mustahkamladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


