“The World News”: O‘zbekiston Yaqin Sharqda kuzatilayotgan nizolarni tinch va diplomatik yo‘llar bilan hal etish tarafdori
Mart 08, 2026. 11:13 • 2 daq
• 90ISLOMOBOD, 8-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” elektron nashrida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida kechayotgan yangiliklar keng yoritilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, mazkur nashr O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashgani haqida yozdi.
Muloqot davomida so‘nggi kunlarda Yaqin Sharqda kuzatilayotgan jarayonlarning keskin tus olishi mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik hamda davlatlararo munosabatlarga jiddiy putur yetkazayotgani alohida taʼkidlandi.
“Butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida mamlakatlar suvereniteti, fuqarolar tinchligi hamda osoyishtaligiga xavf tug‘diradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, nizo va muammolarni tinch va diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarurligi qayd etildi”, – deyiladi manbada.
“The World News” nashri shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilgani haqidagi xabarni tarqatdi.
Taʼkidlanishicha, suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan uyushtirilgan hujumlarni keskin qoralab, jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
Tomonlar muborak Ramazon oyida ro‘y berayotgan naxush voqealar umuminsoniy qadriyatlarga, xalqaro normalar va davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyillariga zid ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

