Yadro qurolidan xoli hudud bo‘yicha Toshkent muloqoti boshlandi

Iyun 26, 2026. 10:00 • 3 daq

140
Yadro qurolidan xoli hudud bo‘yicha Toshkent muloqoti boshlandi

TOSHKENT, 26-iyun. / “Dunyo” AA/.  Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi: yadro qurolini tarqatmaslikdan xatarlarni boshqarish sari” mavzusida Yadro qurolidan xoli hudud bo‘yicha Toshkent muloqoti boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri voqea joyidan.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti, Montereydagi Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti huzuridagi Jeyms Martin nomidagi Yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha tadqiqotlar markazi tomonidan tashkil etildi.

Forumda O‘zbekiston va AQShdan 50 dan ortiq vakil, jumladan, davlat tuzilmalari, tahliliy markazlar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari rahbarlari va ekspertlari, yadro xavfsizligi, yadro qurolini tarqatmaslik va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi mutaxassislar ishtirok etmoqda. Qatnashchilar orasida AQSh Prezidenti Maʼmuriyati va Milliy xavfsizlik kengashining sobiq xodimlari, dunyoning yetakchi universitetlari olimlari va tahlilchilari bor.

Yalpi majlislar va mavzuga oid sessiyalar davomida o‘zgaruvchan global yadroviy va geosiyosiy landshaftda Markaziy Osiyoning o‘rnini o‘zgartirish, tinch atom va yadro energetikasini rivojlantirish sharoitida xavfsizlikni taʼminlash, yadroviy va radiologik xatarlarni boshqarish, atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jismoniy himoyasi va kiberxavfsizligini mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.

Ishtirokchilarning taʼkidlashicha, geosiyosiy keskinlik kuchayib, strategik noaniqlik ortib borayotgan bir sharoitda yadro qurolini tarqatmaslik rejimlarini mustahkamlash va mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlarini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo Shimoliy yarimsharda yadro qurolidan xoli hudud maqomiga huquqiy jihatdan ega bo‘lgan yagona mintaqa bo‘lib qolmoqda.

Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni rivojlantirish, milliy tartibga solish tizimlarini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ishtirokchilarning fikricha, mintaqaning yadrosiz maqomi nafaqat yadro qurolidan voz kechishni, balki yadroviy materiallar va texnologiyalar bilan xavfsiz muomalada bo‘lish uchun yuksak masʼuliyatni ham anglatadi.

Muhokamalar doirasida Markaziy Osiyoning Yevroosiyodagi asosiy transport-logistika markazlaridan biriga aylanayotgani fonida yadroviy va radiologik xatarlarni boshqarish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda. Axborot almashish, barvaqt ogohlantirish hamda mintaqa davlatlarining tegishli xizmatlari harakatlarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Muzokaralarning bir qismi iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarning yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlikka taʼsiriga bag‘ishlandi. Ekspertlar uran merosi obyektlarini xavfsiz saqlash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va mintaqaviy hamkorlik doirasida ekologik va yadroviy kun tartibini integratsiyalash muhimligini taʼkidlamoqda.

Forum ishtirokchilari O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashning asosiy tashabbuskorlaridan biri sifatida izchil faoliyat yuritib kelayotganini alohida qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, Toshkent muloqoti tahdidlarning oldini olish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish, xatarlarni boshqarish tizimini takomillashtirish va MAGATE bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi ekspert-siyosiy maydon sifatida ko‘rilmoqda.

Tadbir yakunlari bo‘yicha axborot almashish va barvaqt ogohlantirishning mintaqaviy mexanizmlarini rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar tayyorlash va Toshkent muloqotini Markaziy Osiyoda yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy platforma sifatida yana-da institutsionalizatsiyalashtirish yuzasidan tavsiyalar tayyorlash rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish