Jizzaxda tosh davriga oid yangi yodgorliklar topildi

Oktabr 07, 2026. 20:30 • 3 daq

• 127
Jizzaxda tosh davriga oid yangi yodgorliklar topildi

LONDON, 7-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Britaniyaning nufuzli «Heritage Daily» nashrida Jizzax viloyatida topilgan tosh davriga oid qadimiy yodgorliklar haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, Jizzax viloyatida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida tosh davriga oid qator yangi arxeologik yodgorliklar va qadimiy qoyatosh suratlari aniqlangan. Topilmalar ushbu hududda inson faoliyati minglab yillar davomida uzluksiz davom etganini ko‘rsatishi bilan ahamiyatli.

Joriy yil sentyabr oyida Madaniy meros agentligi hamda Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida arxeologik qidiruv ishlarini olib bordi. Tadqiqotlar natijasida Zomin vohasi va Turkiston tog‘ tizmasi yonbag‘irlarida ilgari noma’lum bo‘lgan bir nechta tosh davri manzilgohlari aniqlandi.

Jumladan, Zomin tumanidagi Achchi qishlog‘ining sharqiy qismida paleolit davriga, Peshagor qishlog‘i yaqinida esa neolit davriga oid manzilgoh topilgan. Achchining g‘arbiy qismi va Arja qishlog‘i atrofidan ham neolit davriga tegishli artefaktlar aniqlangan.

Maqolada qayd etilishicha, paleolit va neolit davrlariga oid manzilgohlarning bir hududda uchrashi olimlar uchun muhim ahamiyatga ega. Bu holat Zomin vohasi va uning tog‘li hududlari qadimgi insonlar uchun turli davrlarda yashash va tabiiy resurslardan foydalanish uchun qulay bo‘lganini ko‘rsatadi. Yangi topilmalar qadimgi aholining harakatlanish yo‘nalishlari, yashash joylari va xo‘jalik faoliyatini o‘rganishga yordam berishi mumkin.

Tadqiqotlar davomida Sharof Rashidov tumanidagi Ravot qishlog‘i yaqinida ham muhim arxeologik obyekt aniqlandi. Ravotsoy daryosining so‘l sohilidagi slanes qoyalarida ilgari qayd etilmagan petrogliflar majmuasi topilgan.

Hozirga qadar yettita qoya yuzasida 30 ga yaqin tasvir hujjatlashtirilgan. Ular orasida ovchi, tog‘ echkisi, xonaki chorva hayvonlari va it tasvirlari bor. Ayniqsa, kamondan o‘q uzatayotgan ovchi surati diqqatga sazovor. Qoyalardan birida quyosh ramziga o‘xshash belgining ham aniqlangani qadimgi odamlarning dunyoqarashi va e’tiqodlarini o‘rganish uchun qiziq ma’lumot beradi.

Mutaxassislarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, petrogliflar turli davrlarda – ehtimol, bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yaratilgan. Ularning aniq sanasini belgilash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi.

Yangi arxeologik topilmalar Jizzax viloyatining qadimgi tarixini yanada chuqurroq o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Kelgusida olimlar aniqlangan obyektlarda keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar o‘tkazib, topilmalarning yoshi, madaniy ahamiyati va ularning Markaziy Osiyodagi boshqa qadimiy yodgorliklar bilan aloqasini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish