“Avrupa Times”: TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Oktabr 06, 2026. 11:30 • 2 daq
• 122
LONDON, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “Avrupa Times” yangiliklar portalida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekistonning o‘rni tobora ortib borayotganiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, TDT mamlakatlarining jami iqtisodiy salohiyati 2,1 trillion dollardan oshadi. O‘zbekistonning tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 2025-yilda 10,8 milliard dollarga yetgan.
Maqolada O‘zbekistonning umumiy kelishuvlardan amaliy hamkorlik mexanizmlariga o‘tishga qaratilgan tashabbuslariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”, Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashi hamda Turkiy davlatlar sanoat alyansini tashkil etish kabi tashabbuslar jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muallif transport yo‘laklari, jumladan, O‘rta yo‘lak hamda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘lini rivojlantirish, Turkiy investitsiya jamg‘armasi negizida yangi moliyaviy infratuzilmani shakllantirish strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi.
O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyot sohalaridagi tashabbuslari, “Raqamli turkiy yo‘lak konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tuzish taklifi alohida e’tirof etilgan.
Nashr xulosasida TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga chiqayotgani qayd etilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning faol sa’y-harakatlari turkiy makon salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish va iqtisodiy o‘sishning yangi drayverlarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi