O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi Polsha ommabop telekanalida namoyish etildi
Oktabr 07, 2026. 14:00 • 2 daq
• 272VARSHAVA, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning ommabop “TVP” telekanalida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
“Nonushtaga savol” deb nomlangan dasturda Iroda Pulatova-Gil va polshalik jurnalist, sayohat dasturlari muallifi Pyotr Poray-Peletskiy ishtirok etib, mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi va sayyohlik salohiyati haqida so‘z yuritdi.
Dasturda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarning o‘ziga xosligi, ularning Buyuk Ipak yo‘li tarixidagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Xususan, Samarqanddagi Registon maydoni, Toshkentdagi Chorsu bozori kabi diqqatga sazovor maskanlar xorijlik sayyohlar uchun qiziqarli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Teledasturda O‘zbekistonning milliy taomlari, ayniqsa, o‘zbek palovi haqida ham ma’lumot berildi. Milliy oshxona bilan bir qatorda, o‘zbek xalqining samimiy mehmondo‘stligi mamlakatga keluvchi sayyohlarda unutilmas taassurot qoldirishi e’tirof etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Polsha bilan tarixiy-madaniy aloqalariga e’tibor qaratildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonda general Anders armiyasi harbiy xizmatchilari va polyak fuqarolari bo‘lgani, ayrim oilalarning mamlakatimizda qolib ketgani ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy rishtalardan biri sifatida qayd etildi.
Dasturda O‘zbekistonda turizm sohasi jadal rivojlanayotgani, tarixiy obidalar bilan bir qatorda, zamonaviy madaniy markazlar va muzeylar barpo etilayotgani ham yoritilgan. Sayohat yo‘nalishini Nukus va Qoraqalpog‘istonga davom ettirish tavsiya qilinib, mintaqaning o‘ziga xos tarixi va madaniy merosi ham sayyohlar uchun qiziqarli ekani qayd etildi.
Teledastur O‘zbekistonni qadimiy tarix, boy madaniyat, milliy taomlar, hunarmandchilik va yuksak mehmondo‘stlik uyg‘unlashgan, qayta-qayta sayohat qilishga undaydigan mamlakat sifatida namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



