“Associated Press of Pakistan”: YUNESKO O‘zbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi
Noyabr 04, 2026. 14:30 • 2 daq
• 97
ISLOMOBOD, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” axborot agentligida “YUNESKO O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi” sarlavhasi maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, YUNESKO Ijroiya kengashi O‘zbekistonning “Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish” to‘g‘risidagi qaror loyihasini bir ovozdan ma’qulladi.
Mazkur qaror tashkilotning Parijdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan Ijroiya kengashining 225-sessiyasi doirasida qabul qilindi. Ushbu tashabbusni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 30-oktyabr kuni Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ilgari surgan edi.
Qabul qilingan hujjat moddiy va nomoddiy madaniy merosni iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, jadal urbanizatsiya va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar kabi zamonaviy global tahdidlardan himoya qilish borasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Nashrning xabar berishicha, O‘zbekiston tashabbusini YUNESKOga a’zo 54 ta davlat qo‘llab-quvvatlab, qaror loyihasining hammualliflari sifatida maydonga chiqdilar. Ular orasida Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, shuningdek, Osiyo, Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlari bor.
“O‘zbekistonning 2027-yilda Xivada YUNESKO bilan hamkorlikda Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash bo‘yicha xalqaro simpozium o‘tkazish haqidagi taklifi ma’qullangani asosiy natijalardan biri bo‘ldi, deb yozadi nashr. — Ushbu tadbir turli mamlakatlardan yetakchi mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirishi kutilmoqda”.
Delegatsiyalar O‘zbekistonning Buyuk ipak yo‘lining tarixiy-madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Xivada simpozium o‘tkazishga tayyorligini alohida olqishladilar. Ularning fikricha, mazkur tadbirning tashkil etilishi tajriba almashish, kasbiy aloqalarni rivojlantirish va qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
“Xivada 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan simpozium Samarqanddagi YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida boshlangan ishlarni davom ettirishi va amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish maydonchasiga aylanishi kutilmoqda”, — deb ta’kidlanadi “Associated Press of Pakistan” maqolasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi