Bekir Karajabey: O‘zbekiston Orolbo‘yini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ulkan sa’y-harakatlarni namoyish etmoqda

Noyabr 10, 2026. 17:30 • 2 daq

• 74
Bekir Karajabey: O‘zbekiston Orolbo‘yini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ulkan sa’y-harakatlarni namoyish etmoqda

ANTALIYA, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Turkiya O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi direktori Bekir Karajabey “Dunyo” AA muxbiriga COP31 doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston pavilonidan olgan taassurotlari haqida fikr bildirdi:

– O‘zbekistonda bir necha bor bo‘lganman va har borganimda bu yurtning o‘zim uchun yangi qirralarini kashf etaman. Antaliyada tashkil etilgan O‘zbekiston paviloni o‘ziga xosligi va boy madaniy merosi bilan ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otadi. Pavilon yuksak did bilan bezatilgan bo‘lib, mamlakat qiyofasini munosib aks ettirgan. Uni yaratishda ishtirok etgan va ushbu loyihani amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorligimni bildiraman.

Mamlakatingizdagi hamkasblarimiz bilan o‘rmon xo‘jaligi sohasida muhim va istiqbolli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Biz birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshiryapmiz va dolzarb ekologik vazifalarni hal etish ustida ishlayapmiz. Kelgusida o‘zaro hamkorligimiz izchil rivojlanib, sherikligimiz yanada mustahkamlanishiga ishonchim komil.

O‘zbekistonning Orolbo‘yi, xususan, o‘ta murakkab tabiiy-iqlim sharoitlarida ish olib borilayotgan qumli va qurg‘oqchil hududlarni ko‘kalamzorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari alohida e’tirofga loyiq. Biz ushbu tashabbuslar bilan shaxsan tanishish va erishilgan natijalarni bevosita joyida ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik.

Ushbu mintaqa keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni, tizimli yondashuvni hamda mashaqqatli va izchil mehnatni talab etadi. Shu bilan birga, bu yerda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalarni, ayniqsa, butalar va qurg‘oqchilikka chidamli boshqa o‘simliklarni ekish bo‘yicha tashabbuslarni yuqori baholayman. Vaqt o‘tishi bilan ular tuproq holatini yaxshilash, ekotizimni tiklash va yanada qulay tabiiy sharoitlarni shakllantirishga xizmat qilishiga ishonchim komil.

Bugungi sa’y-harakatlar istiqbolda mazkur hududlarni daraxt-butalar qoplami rivojlangan, yanada barqaror yashil landshaftlarga aylantirish imkonini beradi. Bu eroziya jarayonlarini sezilarli darajada kamaytirish va yerlarning yanada degradatsiyaga uchrashining oldini olishga ko‘maklashadi. 

Muhimi, amalga oshirilayotgan bu ishlar nafaqat ekologik, balki butun mintaqa uchun uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ham egadir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish