O‘zbekiston Turkiyadagi COP31 sammitida milliy iqlim tashabbuslarini taqdim etmoqda
Noyabr 09, 2026. 16:40 • 2 daq
• 131ANTALYA, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Turkiyada o‘z ishini boshlagan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (COP31)da O‘zbekiston iqlim siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar, milliy tashabbuslar va xalqaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan milliy pavilonini namoyish etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Konferensiyada 196 mamlakat vakillari ishtirok etmoqda. “Amaliy harakatlar COP” konsepsiyasi doirasida o‘tayotgan COP31 tadbirining asosiy maqsadi – global iqlim masalalarini aniq yechimlarga aylantirishdan iborat.
O‘zbekiston milliy pavilonida Markaziy Osiyoning suv-iqlim barqarorligini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligini moslashtirish, kam uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish, yer va o‘rmonlarni qayta tiklash hamda iqlimiy moliyalashtirishni jalb qilish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilmoqda.
O‘zbekistonning yangilangan milliy miqyosda belgilanadigan hissasi (NDC 3.0) doirasidagi vazifalarni amalga oshirish, iqlimga chidamli shaharlarni rivojlantirish, tabiatga uyg‘un yechimlarni tatbiq etish hamda ekologiya sohasida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Dasturda Yashil iqlim jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirokidagi qo‘shma “AFOLU” loyihasini ishga tushirish, Buyuk ipak yo‘li iqlimiy mobilligi to‘g‘risidagi deklaratsiyani ilgari surish hamda Orolbo‘yi hududining iqlim barqarorligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘zda tutilgan.
Konferensiya davomida uglerod bozorlarini rivojlantirish, o‘rmon landshaftlarini qayta tiklash, ekologik ta’lim, “yashil” iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning COP31 konferensiyasidagi ishtiroki milliy iqlim ustuvorliklarini ilgari surish, xalqaro sheriklikni kengaytirish va ekologik loyihalarni amalga oshirish uchun sarmoyalar jalb etishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






