Akramjon Ne’matov: Dunyodagi o‘zgarishlar media sifatini yangi bosqichga ko‘tarish va o‘zaro tasavvurlarni shakllantirishda mas’uliyatni oshirishni talab etmoqda
Noyabr 10, 2026. 11:00 • 3 daq
• 67
TOSHKЕNT, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizda O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi OAV, madaniyat institutlari, teatr, kino, muzey sohasi, raqamli platformalar, kreativ industriyalar va ekspert hamjamiyati vakillarini jamlagan mediaforum o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muhokamalar nafaqat mediabozorni rivojlantirish, balki yanada kengroq masala – jadal texnologik va ijtimoiy o‘zgarishlar sharoitida madaniy o‘ziga xoslikni saqlash, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va zamonaviy muloqot madaniyatini shakllantirishga bag‘ishlandi.
“Mediada milliy madaniy kod: an’anaviy qadriyatlar va kelajakka nigohning uyg‘unligi” mavzusidagi sessiyaga moderatorlik qilgan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov dunyodagi o‘zgarishlar axborot sohasiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat axborotni uzatish texnologiyasi, balki uni iste’mol qilish madaniyatining o‘zi ham o‘zgarmoqda. An’anaviy OAV qatoriga ijtimoiy tarmoqlar, raqamli platformalar, qisqa videoformatlar, blogerlar, tavsiya algoritmlari va sun’iy intellekt qo‘shildi.
Bunday sharoitda media ham o‘zgarishi – yanada tezkor, mazmunli va texnologik jihatdan ilg‘or bo‘lishi, shu bilan birga, kasbiy standartlarni, mazmunning tarixiy teranligini va jamiyat oldidagi mas’uliyatni saqlab qolishi lozim.
Akramjon Ne’matov bugungi kunda jamiyatlarning bir-biri haqida qanchalik to‘liq va xolis tasavvurga ega bo‘lishi uchun media hamjamiyati zimmasida katta mas’uliyat borligini alohida ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap ideallashtirilgan qiyofa yaratish haqida emas, balki madaniy-tarixiy merosni ham, real rivojlanish jarayonlarini ham aks ettiradigan muvozanatli va zamonaviy tasavvurni shakllantirish haqida bormoqda.
Zamonaviy O‘zbekiston – bu ayni paytda qadimiy sivilizatsiya, boy madaniy an’analar va jadal rivojlanayotgan jamiyat, yangi ishlab chiqarish korxonalari, universitetlar, texnologiyalar hamda yosh kreativ muhit demakdir. O‘zbekiston auditoriyasi ham zamonaviy Rossiyaning ko‘p qirrali hayotini — madaniyat, ilm-fan, ta’lim, jamiyat va hududlar hayotini to‘liq ko‘ra olishi shunchalik muhimdir.
Akramjon Ne’matovning fikricha, aynan shu sababli ikki mamlakat OAV va madaniyat institutlari o‘rtasidagi pragmatik kasbiy muloqot alohida ahamiyat kasb etmoqda. U nafaqat axborot almashishga, balki birgalikda mazmunli kontent yaratishga – filmlar, teatr loyihalari, raqamli arxivlar, tarjimalar, yoshlar tashabbuslari va kasbiy almashinuvlarga ham yo‘naltirilishi lozim.
U madaniy kod faqat o‘tmish merosi bo‘lib qolmasligi kerakligini qayd etdi. Uni zamonaviy tilda, ayniqsa, yangi raqamli muhitda yashayotgan yosh avlodga yetkaza bilish zarur.
Bunda yangi texnologiyalar madaniyatning mazmuniy asosini siqib chiqarmasligi, aksincha, uni mustahkamlashi lozim. Asosiy masala yetkazish shaklida emas, balki shu shakl orqali qanday ma’no-mazmun ifodalanayotganidadir.
Akramjon Ne’matov milliy o‘ziga xoslikni saqlash, umumiy an’anaviy qadriyatlarni ilgari surish hamda xolis va professional mediamuloqotni rivojlantirish O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va ishonchni yanada mustahkamlashning muhim omiliga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi