“The Korea Herald”: O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi yangi strategik bosqichga chiqmoqda

Iyun 17, 2026. 18:00 • 3 daq

120
“The Korea Herald”: O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi yangi strategik bosqichga chiqmoqda

SЕUL, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “The Korea Herald” gazetasida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik an’anaviy savdo va ishlab chiqarish doirasidan chiqib, strategik minerallar, transport yo‘laklari, raqamli texnologiyalar hamda “aqlli shaharlar” kabi global ahamiyatga molik yo‘nalishlarni qamrab olayotgani tahlil qilingan.

Nashr yozishicha, global ta’minot zanjirlari qayta shakllanayotgan bugungi geosiyosiy sharoitda Janubiy Koreya uchun xomashyo xavfsizligi va barqaror ishlab chiqarish bazalarini diversifikatsiya qilish o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, qariyb 38 millionlik bozor, yosh va bilimli ishchi kuchi hamda izchil islohotlar muhitiga ega O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Janubiy Koreyaning eng ishonchli strategik sherigi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Janubiy Koreya Prezidenti forum ishtirokchilariga yo‘llagan maktubida resurs xavfsizligi mamlakatlarning kelajakdagi raqobatbardoshligi va taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liqligini qayd etgan. Bu Seulning Markaziy Osiyoga nafaqat uzoq istiqbolli bozor, balki iqtisodiy xavfsizlikning muhim ustuni sifatida qarayotganini ko‘rsatadi.

Maqolada O‘zbekiston rasmiylarining ikki tomonlama loyihalar bo‘yicha taqdim etgan takliflariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov koreyalik investorlarni mamlakatimizning volfram, molibden va grafit sanoatiga faol jalb etish tashabbusini ilgari surgan. Bunda Toshkent xomashyoni shunchaki eksport qilish emas, balki elektromobillar va akkumulatorlar uchun zarur bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish klasterlarini birgalikda yaratishni maqsad qilgan.

Infratuzilma sohasida Transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘afarov tomonidan taqdim etilgan Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroportini barpo etish va tezyurar temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish loyihalari Janubiy Koreya ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, 2 million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” “aqlli shahar” loyihasi O‘zbekistonning raqamli boshqaruv va zamonaviy urbanizatsiya sohasidagi yuksak intilishlari ramzi sifatida e’tirof etilgan.

Muallif xulosasiga ko‘ra, ko‘p yillik o‘zaro ishonch va Alohida strategik sheriklik maqomiga asoslangan Koreya – O‘zbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Seulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Koreya – Markaziy Osiyo” sammiti esa ushbu tijoriy qiziqishlarni uzoq muddatli yirik strategik loyihalarga aylantirish uchun muhim siyosiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish