Pokistondan munosabat: TXIF-2026da imzolanadigan kelishuvlar O‘zbekiston iqtisodiyoti va butun mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi

Iyun 17, 2026. 19:59 • 2 daq

54
Pokistondan munosabat: TXIF-2026da imzolanadigan kelishuvlar O‘zbekiston iqtisodiyoti va butun mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi

ISLOMOBOD, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchisi, Pokistonning “Osaka Batteries” kompaniyasi direktori Muhammad Qosim Bin Talha “Dunyo” AAga forum haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Pokiston biznes hamjamiyati vakili sifatida V Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TXIF) ishtirok etish imkoniyatini yuqori baholayman. Ushbu nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekistonning investision salohiyatini namoyon etmoqda, balki Markaziy Osiyoning yangi iqtisodiy markaz sifatida shakllanayotganini ham yaqqol ko‘rsatmoqda.

E’tiborlisi, forum dunyoning turli mamlakatlaridan minglab investorlar, xalqaro moliya institutlari, davlat rahbarlari va yirik kompaniyalar vakillarini bir maydonga jamladi.

Pokiston uchun O‘zbekiston strategik hamkor va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishda muhim ko‘prik hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini liberallashtirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish hamda xalqaro kapital bozorlariga chiqish bo‘yicha tashabbuslar mamlakatning investision jozibadorligini sezilarli darajada oshirdi. O‘zbekiston hukumati tomonidan milliy investitsiya jamg‘armasini xalqaro bozorlarga olib chiqish rejalari investorlar ishonchini yana-da mustahkamlamoqda.

Forum doirasida sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport-logistika, raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va yashil texnologiyalar bo‘yicha muhokamalarda ishtirok etamiz. Ayniqsa, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida transport yo‘laklarini rivojlantirish, savdo hajmini oshirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochilayotgani quvonarli.

Bugungi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish har ikki mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, Toshkent xalqaro investitsiya forumi biznes muloqotlarini mustahkamlash, o‘zaro ishonchni oshirish va aniq investitsiya qarorlarini qabul qilish uchun samarali platforma vazifasini bajarmoqda.

Ishonchim komilki, mazkur forum yakunlari bo‘yicha erishiladigan kelishuvlar nafaqat O‘zbekiston iqtisodiyoti, balki butun mintaqa taraqqiyotiga xizmat qiladi. Pokistonlik investorlar esa O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga tayyor.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish