O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Turkiyadagi 1,5 mingdan ortiq savdo nuqtalarida namoyish etilmoqda
Avgust 08, 2026. 16:00 • 2 daq
• 10
ISTANBUL, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yetakchi maishiy texnika ishlab chiqaruvchilaridan biri — “Arçelik” kompaniyasining mamlakat bo‘ylab joylashgan savdo nuqtalarida O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qiluvchi videoroliklar namoyish etilmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi tashabbusi va “Arçelik” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida kompaniyaning Turkiya bo‘ylab joylashgan shourumlari va savdo do‘konlaridagi televizor ekranlarida mamlakatimizning turistik imkoniyatlarini aks ettiruvchi videolavhalarni namoyish etish yo‘lga qo‘yildi.
Ularda Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Toshkent kabi tarixiy shaharlarning diqqatga sazovor maskanlari, shuningdek, O‘zbekistonning betakror tabiati va sayyohlik yo‘nalishlari aks ettirilgan.
Kompaniya tarmog‘i 81 viloyatda 1,5 mingdan ortiq savdo nuqtasini qamrab olgan bo‘lib, targ‘ibot materiallari mazkur tarmoqning barcha obyektlariga joylashtirilgan.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, turk jamoatchiligi hamda xorijiy mehmonlarni mamlakatimizga sayohat qilishga qiziqtirish va ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi