Bolgariya prezidentni saylay olmadi, saylovlarning ikkinchi turi belgilandi
Oktabr 26, 2026. 18:00 • 2 daq
• 14
SOFIYA, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Bolgariyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida nomzodlarning hech biri yetarli ko‘pchilik ovozni to‘play olmagani bois saylovlarning ikkinchi turi 1-noyabrga belgilandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “DW News”ga tayanib.
Byulletenlarning qariyb 95 foizi sanab chiqilgach, amaldagi prezident Iliyana Yotova 34,6 foiz, Bosh vazir vazifasini bajaruvchi sobiq rahbar Andrey Gyurov esa 32 foiz ovoz to‘pladi. Uchinchi o‘rinni 12,64 foiz natija bilan Kostadin Kostadinov egalladi. Saylovda jami 27 nafar nomzod ishtirok etdi.
Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzod 50 foizdan ortiq ovoz to‘plashi talab etilar edi. Saylovdagi davomat qariyb 22,2 foizni tashkil etdi, bu past ko‘rsatkich hisoblanadi. Saylov uchastkalari yopilgach, Iliyana Yotova fuqarolarni ovoz berishda faolroq ishtirok etishga chaqirdi.
Ikkinchi tur arafasida Andrey Gyurov jamoatchilikning saylovga qiziqishini oshirish hamda saylovchilarga asosiy masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini va prezidentlik faoliyatiga oid yondashuvlarini taqdim etish maqsadida Iliyana Yotovaga ommaviy debat o‘tkazishni taklif qildi.
Saylovoldi kampaniyasida Ukrainadagi urush bilan bog‘liq vaziyat muhim o‘rin tutdi. Oktabr oyida Bolgariyaning Qora dengiz sohillari yaqinida savdo kemalari bilan bog‘liq hodisalar yuz berdi – ularga dronlar hujum qilgani taxmin qilinmoqda.
Bu holat dengiz xavfsizligi masalasidagi xavotirlarni kuchaytirdi va hukumat kema qatnovini himoya qilishda yordam so‘rab ittifoqchi davlatlarga murojaat qildi. Har ikki nomzod hujumlarni qoralagan bo‘lsa-da, ularning urushga bo‘lgan yondashuvlari bir-biridan farq qiladi.
“EU Today” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi