Britaniya injiniring kompaniyasi Toshkent viloyatidagi infratuzilma loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Iyul 16, 2026. 14:00 • 2 daq

4
Britaniya injiniring kompaniyasi Toshkent viloyatidagi infratuzilma loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

TOSHKENT, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Buyuk Britaniyaning yetakchi “ARUP” muhandislik kompaniyasi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida hududning iqtisodiy, sanoat va turistik salohiyatini yana-da yuksaltirishga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalari hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida viloyatning tabiiy va iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, Chinoz tumanida Sirdaryo daryosi bo‘ylab zamonaviy turistik majmualarni barpo etish hamda hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda tomonlar “ARUP” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida yirik infratuzilma obyektlari, sanoat korxonalari, turistik zonalar va energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni har tomonlama o‘rganish hamda bu boradagi amaliy muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.

1946-yilda tashkil etilgan “ARUP” kompaniyasi muhandislik, loyihalashtirish, konsalting va loyihalarni boshqarish sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniya bugungi kunda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatida loyihalarni amalga oshirib, 37 mamlakatda ofislariga ega.

O‘zbekistonda “ARUP” ishtirokida 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan. Ular qatorida Samarqand xalqaro turizm markazi, “Tashkent City” ishbilarmonlik majmuasidagi kongress-xoll, “Hilton” mehmonxonasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, transport va energetika infratuzilmasi obyektlari bo‘yicha loyihalashtirish hamda muhandislik xizmatlari o‘rin olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish