Sholini qayta ishlash bo‘yicha Britaniya tajribasi o‘rganilmoqda
Iyun 28, 2026. 13:00 • 2 daq
• 17
LONDON, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida “UZAGROSTAR XOLDING” tashkiloti va Buyuk Britaniyaning “Alvan Blanch” kompaniyasi o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Xorazm viloyatida sholichilikka ixtisoslashgan, «UZAGROSTAR XOLDING» tarkibiga kiruvchi «XORAZM-AGRO STAR» MCHJ faoliyatini xalqaro standartlar asosida yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida xalqaro talablarga javob beradigan yuqori texnologik uskunalarni joriy etish, sholini qayta ishlash jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, muzokaralarda sholi yetishtirish va uni qayta ishlash jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilardan samarali foydalanish, ularni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Britaniya tomoni mazkur yo‘nalishda ilg‘or texnologiyalari va amaliy tajribasini taqdim etishga tayyor ekanini bildirdi.
1952-yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan “Alvan Blanch” kompaniyasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, qayta ishlash va saqlash uchun innovatsion texnologik yechimlar hamda sanoat uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya o‘z mahsulotlarini dunyoning 100 dan ortiq mamlakatiga eksport qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi