Britaniya sayyohlik kompaniyasi O‘zbekiston bo‘ylab premium-turni taqdim etdi
Sentabr 07, 2026. 12:30 • 2 daq
• 62
LONDON, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur sayyohlik kompaniyasi “Trailfinders” o‘zining onlayn platformalarida “Premium Uzbekistan” maxsus turini joylashtirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Dastur 10 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaga tashrifni o‘z ichiga oladi. Tur Buyuk Ipak yo‘li tarixi va mamlakatning madaniy merosi bilan tanishishni gastronomik hamda hunarmandchilik dasturlari bilan uyg‘unlashtiradi.
Ushbu paket “Premium” toifasiga kiradi va yuqori darajadagi mehmonxonalarda joylashish, individual transport hamda mahalliy gidlar xizmatini ko‘zda tutadi.
Shuningdek, dasturga Toshkentdan Samarqandga “Afrosiyob” tezyurar poyezdida sayohat qilish, palov pishirish bo‘yicha mahorat darsi va mahalliy oila bilan uchrashuv, Buxorodagi hunarmandchilik ustaxonasiga tashrif buyurish hamda Xivada milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulot ham kiritilgan.
Toshkentda sayyohlarga madaniy obyektlar va Chorsu bozorini ziyorat qilish, boshqa shaharlarda esa mahalliy oshxona, anʼanalar va hunarmandchilik bilan tanishish taklif etiladi.
“Trailfinders” 1970-yildan buyon faoliyat yuritib keladi va individual xalqaro sayohatlarga ixtisoslashgan. Kompaniya Buyuk Britaniya va Irlandiyada 47 ta sayyohlik markaziga hamda 750 nafardan ortiq maslahatchidan iborat shtatga ega.
“Premium Uzbekistan” turining kompaniya platformasida joylashtirilishi bilan bir vaqtda “Trailfinders” O‘zbekistonga maxsus tadqiqot safarini ham tashkil etmoqda. Bu Britaniya sayyohlik biznesining mamlakat bo‘yicha takliflarni kengaytirishdan amaliy manfaatdor ekanini ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi