Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

May 19, 2026. 16:15 • 5 daq

27
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Kongo DRda Eboladan vafot etganlar soni 100 nafardan oshdi

Ebola epidemiyasi oqibatida Kongo Demokratik Respublikasida kamida 118 kishi halok bo‘ldi, 390 dan ortiq odam kasallikka chalinishda gumon qilinmoqda. Kongo DR hukumatiga ko‘ra, qurbonlar soni ortishidan tashqari, kasallik kengroq hududlarga tarqalmoqda. Ugandada ham Ebolaga chalinish bo‘yicha ikkita tasdiqlangan holat va bitta o‘lim qayd etilgan. Ebolaning hozirgi shtammi Bundibugyo virusi bilan bog‘liq bo‘lib, unga qarshi tasdiqlangan dori vositalari yoki vaksinalar mavjud emas.  

Manba: BBC

***

AQSHdagi masjidda otishmada besh kishi halok bo‘ldi

AQSHning San-Diyego shahridagi Islom markazida sodir bo‘lgan otishma oqibatida besh kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida ikki nafar gumonlanuvchi ham bor. Hodisa Kaliforniya shtatidagi San-Diyego Islom markazida, okrugdagi eng yirik masjidda sodir bo‘lgan.

Manba: Deutsche Welle

***

Tramp uch davlat yetakchisining iltimosi bilan Eronga hujumlarni qoldirgan

AQSH prezidenti Donald Tramp uchta davlatning iltimosi sababli Eronga qarshi 19 may kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan hujumlarni qoldirganini aytgan. Oq uy rahbarining taʼkidlashicha, hujumlarni qoldirishiga, Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va BAA prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning murojaatlari sabab bo‘lgan.

Manba: Truth Social

***

Xorvatiya prezidenti Isroilning yangi elchisini tasdiqlashdan bosh tortdi

Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich “Isroilning amaldagi hukumati yuritayotgan siyosat” tufayli uning Zagrebdagi yangi elchisini tasdiqlashdan bosh tortdi. Xorvatiya prezidenti Isroilning G‘azoga qarshi urushini ashaddiy tanqid qiluvchilardan biri hisoblanadi. U Isroil “yozilmagan qoida”ni buzib, taklif etilayotgan elchisini rozilik olmasdan turib eʼlon qilganini taʼkidladi. Milanovich ilgari diplomatik amaliyotga muvofiq bu masala bo‘yicha jamoatchilik oldida izoh berishdan o‘zini tiyib kelganini aytdi.

Manba: Al Jazeera  

***

Rossiya Ukrainaning eng yirik portiga zarba berdi

19-may kuni Rossiya havo hujumi oqibatida Ukrainaning Izmaildagi port infratuzilmasi zarar ko‘rdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Dunay daryosidagi eng yirik Ukraina portlaridan biri hisoblangan Izmail strategik ahamiyatga ega hudud bo‘lib, u tez-tez hujumlarga uchrab kelmoqda. Hujum oqibatida port inshootlari shikastlangan, biroq qurbonlar yoki jiddiy vayronagarchiliklar qayd etilmagan.

Manba: Reuters

***

Qirg‘izistonda davlat xizmatchilari milliy libosda yurishi mumkin

Qirg‘izistonda amaldorlar yangi “milliy forma” kiyishni boshlashi mumkin. Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev Madaniyat vazirligiga milliy uslubdagi forma dizaynini ishlab chiqishni topshirdi. Qosimaliyevning taʼkidlashicha, kelajakda davlat xizmatchilari milliy uslubdagi maxsus forma kiyishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, issiq yoz oylarida ularga galstuk va kostyumsiz ishlashga ruxsat beruvchi farmon ham chiqarilgan. Biroq protokol tadbirlari va xalqaro uchrashuvlar uchun belgilangan dress-kod o‘zgarishsiz qoladi. 

Manba: Kaktus.Media

***

Bangladeshda qizamiqdan 459 bola halok bo‘ldi

Bangladeshda qizamiq kasalligi keskin tarqalib ketdi. Joriy yilning mart oyi o‘rtalaridan buyon kasallik oqibatida 459 nafar bola vafot etgan. 18-may kuni yana olti nafar bolaning o‘limi qayd etilgan. Ulardan birining o‘limi rasman qizamiq bilan bog‘langani tasdiqlangan, qolgan besh holat esa kasallik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, Bangladeshda qizamiqdan o‘limning 75 ta laboratoriya tasdiqlagan holati va 384 ta gumon qilinayotgan holat qayd etilgan.

Manba: Daijiworld Media

***

Eron uranni AQSHga emas, Rossiyaga topshirmoqchi

Eron maʼlum shartlar asosida boyitilgan uranni Rossiyaga topshirishga rozi bo‘ldi. Maʼlumotlarga ko‘ra, Tehron yadroviy dasturini to‘liq tugatish o‘rniga uni uzoq muddatga muzlatishga rozi bo‘lgan. Buning evaziga taxminan 400 kilogramm yuqori boyitilgan uran AQSHga emas, balki Rossiyaga topshirilishi kerak.

Manba: Al Hadath   

***

Putin Xitoy xalqiga murojaat qildi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoyga tashrifi arafasida Xitoy xalqiga murojaat qildi. Rossiya yetakchisi ikki davlat vakillarining muntazam o‘zaro tashriflari muhimligini taʼkidlab, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 25 yilligiga to‘xtalgan.

Manba: Kremlin

***

“Epshteyn ishi” bo‘yicha yangi qurbonlar aniqlandi

Fransiyada odam savdosi bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida amerikalik moliyachi Jeffri Epshteynning qurboniga aylangan taxminan 20 nafar shaxs aniqlandi. Ularning 10 nafari ehtimoli yangi qurbon hisoblanadi. Parij bosh prokurori Lora Bekkoning aytishicha, fevral oyida jabrlanuvchilardan idoraga kelib, o‘zi haqida maʼlumot berish so‘ralgan. Bu ish bo‘yicha 20 ga yaqin jabrlanuvchi murojaat qilgan.

Manba: Euronews

***

Eron oliy rahnamosining sog‘lig‘i bo‘yicha yangi maʼlumot berildi

AQSH va Isroil hujumlari oqibatida jarohatlangan Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiyning sog‘lig‘i haqida maʼlumot berildi. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Husayn Kermanpurga ko‘ra, Xomanaiyning olgan jarohatlari uning tashqi ko‘rinishiga taʼsir qilmagan.

Manba: IRNA 

***

Ilon Mask OpenAIʼga qarshi sud ishida yutqazdi

Kaliforniya sudi Ilon Maskning OpenAI va uning bosh direktori Sem Altmanga qarshi daʼvosini rad etdi. Hakamlar hayʼati ishni bir ovozdan rad etdi, chunki Mask daʼvo muddati tugaganidan keyin ish qo‘zg‘atgan. Sudning qarori OpenAI uchun muhim g‘alaba sifatida baholanmoqda. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bu kompaniyaning qiymati 1 trillion dollargacha yetishi mumkin bo‘lgan IPO jarayoniga yo‘l ochadi.

Manba: Reuters

***

Turkiyada bir erkak 6 kishini otib tashladi

Turkiyaning Mersin viloyatida 37 yoshli erkak ov quroli bilan odamlarni otib tashladi. Hujum oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 8 kishi jarohatlandi. Voqea Mersin viloyatining Chamliyayla tumanida sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi erkak sobiq turmush o‘rtog‘i bilan janjallashgan va unga o‘zining ov miltig‘i bilan o‘q uzgan. Ayol voqea joyida vafot etgan. Shundan so‘ng, gumonlanuvchi boshqa bir odamni o‘ldirishni ko‘zlab Tarsus tumaniga yo‘l olgan. U yerda avvaldan nizosi bo‘lgan shaxsga tegishli restoranga bostirib kirib, bir nechta kishiga qarata o‘t ochgan. Hujum oqibatida restoran egasi va xodim og‘ir yaralangan.

Manba: Haberler

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish